Suv butun insoniyatning qimmatbaho boyligi hisoblanadi. Biz uni har kuni iste’mol qilamiz: chanqaganda, kir yuvganda, ovqat pishirganda va o‘simliklarni sug‘organda. Balki shuning uchundir suv biz u haqda kamdan-kam holatda o‘ylaydigan oddiy narsadek ko‘rinadi. Aslida esa usiz hech kim yashay olmaydi. Ovqatsiz odam bir necha hafta omon qolar, ammo suvsiz faqat 4-5 kungacha yashashi mumkin xolos.
Toza ichimlik suvining yildan yilga tobora kamayib, suv zaxiralarining ham “tagi” ko‘rinib qolayotgani va ma’lum bir vaqtdan so‘ng suv tanqisligi yuzaga kelishi — bu global muammo ekanligi barchamizga kunday ravshan. Vaholanki, bunday havotirlar kishini sergaklikka chorlash barobarida iste’molga yaroqli suvni tejash va undan unumli foydalanishga undaydi. Savol tug‘iladi: viloyatimizda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi qay ahvolda? Suv zaxiralari mavjudmi? Odamlarni toza ichimlk suvi bilan ta’minlash borasida qanday islohotlar amalga oshirilmoqda?
Bu haqda viloyat aholisining ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilda rejalashtirilgan tadbirlar bilan tanishtirish maqsadida viloyat “Matbuot uyi”da “O‘zsuvta’minot” AJ ms’ullari tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Statistik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, 2024-yilda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 62,9 foizdan qariyb 65 foizga oshganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu degani har 100 odamdan 65 tasi markazlashgan toza ichimlik suvidan bahramand bo‘layotir. Aholining qolgan qismini suv bilan ta’minlash va chekka hududlarga ham iste’molga yaroqli suvni muntazam yetkazish maqsadida 40 ga yaqin suv tashuvchi texnikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Suv bilan ta’minlanish darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan qurilish ishlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan bir yilda barcha manbalar hisobidan 247,4 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurildi. 516,0 kilometr ichimlik suv tarmog‘i va 340 ta nasos profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilib, joriy va mukammal ta’mirlandi, 93 ta energiyatejamkor nasos o‘rnatilib, 14 192 ta xonadonga ichimlik suv tarmog‘i ulanganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, 50 731 ta iste’molchiga suv hisoblagichlar o‘rnatilgan.
Oqova suv tizimi misolida oladigan bo‘lsak, 51,7 kilometr kollektor va ichki tarmoqlar gidrodinamik yuvuvchi mashinalar yordamida tozalanib, 7 ta oqova suv nasos stansiyasi mukammal ta’mirdan chiqarilib, aholi foydalanishiga topshirilgan. Shuningdek, 2 ta yangi nasos o‘rnatilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 131 ta mahallada 50,6 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga erishilgan bo‘lsa, 169 ta mahallada 407,2 ming aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha yirik loyihalar haqida so‘z ketganda esa, respublikada muqobili bo‘lmagan, eng toza va iste’mol uchun sifatli suv zaxirasi, ya’ni “To‘palang” suv ombori manbalari hisobiga viloyat aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasini tilga olish joiz. Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrdagi qaroriga muvofiq, ushbu yirik loyiha hayotga tabiq etilayotir. Mazkur loyiha uchun 90,83 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Quvonarlisi shundaki, loyiha doirasida 2024-yilning 1-dekabr holatiga jami 153,1 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurilgan bo‘lsa, bundan tashqari, ichimlik suvini saqlash havzalari ham qurilib foydalanishga topshirilgan.

34 ta mahallada yashovchi 141,9 ming aholi “To‘palang” suv manbasidan ichimlik suvi bilan ta’minlangani ham insonlarning toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim omil bo‘ldi. “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ va mahalliy hokimlik mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan, Muzrabot tumanidagi Duoba markaziy suv inshootiga 3 ta nasos o‘rnatilib, 37 950 nafar aholi uchun suv ta’minoti yaxshilangan. Termiz shahridagi Shimoliy suv inshootida 5 ta nasos va 10 ta klapan ta’mirlanib, 54 610 nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga erishilgan. Boysun tumanida 5,8 kilometr ichimlik suv quvuri qurilib, 1 183 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, “O‘zsuvtaminot” AJ homiyligi asosida Denov tumani “Yoshlik” mahallasi Alamjaxon aholi punkitida yashovchi aholini ichimlik suv ta’minoti bilan ta’minlash uchun 19,8 kilometr ichimlik suv quvurlari qurilib, natijada 103 ta xonadonda yashovchi 680 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, 2024-2025-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 48,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i ta’mirlanib, 115 ta nasos va uskunalar joriy va mukammal ta’mirdan o‘tkazilgan. Ayni vaqtda 17 ta avariya-tiklash guruhi hamda 34 ta maxsus texnika faoliyat yuritmoqda. 38 ta maxsus suv tashuvchi texnika orqali ichimlik suvi markazlashmagan hududlarda yashovchi fuqarolarga yetkazib berilyapti.
2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilda barcha mablag‘lar hisobidan 387,5 kilometr ichimlik suv quvurlari va 8 ta suv inshooti qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 16 671 ta ko‘cha kolonkalari orqali suv oluvchi iste’molchilarni uy xo‘jaliklariga ulash, 45 000 ta suv hisoblagich o‘rnatish, 44,7 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini joriy va mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 125 ta ichimlik suv nasosi kapital ta’mirlanib, 24 ta yangi energiya tejamkor nasos o‘rnatilishi belgilab olingan.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 64,7 foizdan 66,1 foizga oshiriladi.
Shuningdek, “Birdamlik” mahallasida joylashgan suv quyish shaxobchasi o‘rniga zamonaviy aqlli suv quyish shahobchasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yangi tizim orqali inson omili aralashuvisiz barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi, suv sarfi aniq hisoblanadi va to‘lov intizomi yaxshilanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, 2024-yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida viloyatimiz istiqomat qilayotgan 407,2 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi, 50,6 ming aholi esa ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilishi insonlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish va shu orqali turmush farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz. O‘z navbatida, shuni ham ta’kidlash joizki, toza ichimlik suvi iste’molida insonlarning o‘zi ham tuganmasdek, aslida kun kelib tugashi ehtimoli yuqori bo‘lgan toza ichimlik suvidan tejab va oqilona foydalanishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimda. Zero, zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, tomchi suvningda qadrini suvga zor, yoinki olislardan hovuchlab tashib, qidirib yashaydigan insonlar yaxshi biladi albatta. Shuning uchun ham oldimizdan oqayotgan suvning qadriga yetaylik, bu iste’molchi sifatidagi ham burchimiz, ham vazifamizdir.
Adolat MO‘MINOVA