Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan. Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi kabi respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash tizimini barpo etishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, unga tanqidiy yondoshgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘ladi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratilgan holda 2017-yil 3-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi hamda shundan so‘ng, bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.Binobarin, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari Qonunda o‘z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
B.MAXMATQULOV,
viloyat FVB Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi bosh ispektori, mayor