Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 30-dekabrdagi 74-sonli buyrug‘iga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim muassasalari Direktorlar kengashi nizomi tasdiqlandi. Ushbu nizomga ko‘ra umumuiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash Kengash tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyati direktorlar kengashi ham ushbu nizom asosida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ushbu kengash tashkil bo‘lgandan buyon viloyatdagi ko‘p sonli maktablarning vakant lavozimlariga munosib direktorlar tavsiya etildi. Bunda direktorlarning yuksak axloqiy fazilatlariga, yuqori malaka va tajribaga, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega ekanliklari inobatga olinmoqda. Kengash nafaqat vakant lavozimlarga munosib nomzodlarni tavsiya etadi, balki yangi tayinlangan direktorlar faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi.
Kengash tomonidan yil davomida viloyatdagi maktab direktor va direktor o‘rinbosarlari malakasi va ish samaradorligini oshirish maqsadida seminar-treninglar tashkil qilinib, unda boshqaruvchilik mahorati, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi foydali ma’lumotlar berib borilmoqda. Yangi tayinlangan direktorlar faoliyati kengash a’zolari tomonidan joylarga borib o‘rganilmoqda. Shuningdek, viloyatdagi barcha maktab rahbarlariga, ularning faoliyatiga doir masalalarda, maktabning rivoji uchun kerakli tavsiya va takliflarini berib borish orqali sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Nargiza JUMAYEVA,
Viloyat direktorlar kengashi a’zosi