FARZAND AZIZ, ODOBI UNDAN AZIZ

Date:

Farzand — bu ota-ona qo‘lidagi ishonchdir. Bolalarning sof qalbi sham kabi har qanday shaklni olishi mumkin bo‘lgan qimmatbaho marvariddir. Farzand qalbi toza tuproqqa o‘xshaydi. Toza tuproqqa qanday urug‘ ekilsa, shuning hosili o‘rib olinadi. Xuddi shunday, bola nimaga moyil bo‘lsa, shunga intiladi. Yaxshilikka amal qilsa, o‘rgansa, yaxshi fazilatlar sohibi sifatida ulg‘ayadi. Ota-ona farzandlarga ilm-u irfon o‘rgatib, ularga amal qilishga odatlantirsa, o‘zlari ham, farzandlari ham ikki dunyo saodatiga erishadi. Agar farzandlar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor qaratilmasa va ushbu tarbiya amalda qo‘llanilmasa, bolalar baxtsiz bo‘ladi. Ular qilgan har bir yomonlikning gunohi ota-onasiga, ustozlariga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi.
Shu jihatdan muqaddas dinimizda, Qur’oni karim va hadisi shariflarda, ulug‘ allomalarimizning asarlarida farzand tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratish lozimligiga alohida urg‘u berilgan.
Farzandni yaxshi axloqiy me’yorlar asosida tarbiyalash ota-onalar hayotidagi quvonchli kunlar, kelajakdagi baxtli hayotning kalitidir. Ota-onaning kelgusida qay tarzda munosabatga loyiq ko‘rilishi ularning farzandlariga qanchalik yaxshi tarbiya bera olganliklariga bevosita bog‘liq. Farzandlari barkamol bo‘lib voyaga yetgan ota-onaning xonadonida tinchlik hukm suradi, lekin farzandlari to‘g‘ri tarbiya olmagan joyda doimiy tashvish, notinchlik hukmron bo‘ladi.
Islomda farzand tarbiyasi ota-ona uchun muhim vazifalardan biri bo‘lib, musulmonning toat-ibodatida ham muhim o‘rin egallaydi. Dunyo va oxirat saodati ham insonning naslini tarbiyalash qobiliyatiga bog‘liq. Farzandlarni tarbiyalash jarayonida ota-ona birdek mas’ul ekanligiga ham alohida ahamiyat qaratish lozim bo‘ladi. Darhaqiqat, bolalar birinchi tarbiyani onalaridan oladilar, chunki farzandlar hayotlarining dastlabki yillarida onalariga ko‘proq bog‘lanadilar. Shuningdek, ota ham tarbiyada farzandlariga o‘rnak bo‘lish, to‘g‘ri ta’lim-tarbiya uslubiga amal qilish, oilani turli ziddiyatlardan asrash orqali farzand tarbiyasida nihoyatda muhim o‘rin egallaydi. Otaning farzand tarbiyasi borasidagi ilk tadbiri dunyoga kelajak farzandlari uchun oqila, go‘zal axloqiy fazilatlar bilan ziynatlangan bir ona tanlamoqdir.
Ota-ona axloqan yetuk, ma’nan barkamol bo‘lsalar, farzandlar ham go‘zal axloqli bo‘lib voyaga yetadilar. Farzand dunyoga kelishi bilan ota-onaning farzand oldidagi eng birinchi vazifasi unga chiroyli bir ism tanlamoqdir. Bu chora-tadbirlar esa o‘z o‘rnida farzandning go‘zal tarbiya topishiga, ota-onasiga tayanch bo‘la oladigan chin inson bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Zero, har bir inson ojiz va notavon bo‘lgan vaqtlarida uning ehtiyojini qondiradigan, keksayganida maqsadlarini va ezgu ishlarini amalga oshirishga ko‘maklashadigan fozil farzandlarga muhtojdir. Bu kabi farzandlar Alloh taolo tomonidan ota-onalarga ato etilgan eng bebaho hadyalardir, ular inson hayotini yanada go‘zallashtiruvchi, ota-onalar hayotining chin ma’nodagi davomchilaridir.

Umarali Uljayev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi investitsiya loyihalari ko‘zdan kechirildi

Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan “Brightly Mega Water” MCHJ korxonasining...

Sifat muhim

Surxondaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ijrosi muhokama...

Yaralar tez va xavfsiz bitadi

O‘zbekiston FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari xalqaro...

Kitobxonlik klublari tashkil etiladi

Prezident qaroriga muvofiq, kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan yangi tashabbuslar...
KunTun
KunTun