So‘nggi yillarda zargarlik sohasi va shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga kundan kun e’tibor kuchayib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar ham amalga oshirilayotir. Jumladan, Prezidentining “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 23-iyuldagi farmoni qabul qilingan bo‘lib, unda zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga imtiyoz va bank kreditlari berilishi belgilangan.
Farmonga muvofiq, 2025-yil yakuniga qadar viloyatimizda ham zargarlik markazlari tashkil etish, 2025-yil 1-yanvarga qadar zargarlik markazlarini tashkil etish uchun davlat ko‘chmas mulk obektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlar (qismlar va xonalar)ga bo‘lgan holda tadbirkorlik subyektlari va tijorat banklariga uzoq muddatli ijaraga yoki mulk huquqi asosida, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Tashkil etiladigan zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish imkoniyati beriladi.
Xususan, 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va milliy brendlarni jahon bozorlarida ilgari surish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 100 million AQSh dollari ekvivalentidagi maqsadli resurslari tijorat banklariga ularning buyurtmalariga asosan 5 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz past foiz stavkada depozitga joylashtiriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan depozitga joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga investitsiya loyihalarini amalga oshirish, asbob-uskuna va ehtiyot qismlarini xarid qilish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadlariga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan 3 foiz bank marjasi) milliy valyutada kreditlar ajratiladi, depozitga joylashtirilgan mablag‘larga nisbatan Markaziy bankda shakllantiriladigan majburiy rezerv talablari qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, joriy yilning 1-avgustdan boshlab xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi.
Bunda ushbu zargarlik buyumlarini ko‘rgazma va yarmarkalarda sotish hamda ularni invoys asosida “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish, zargarlik buyumlarini ko‘rgazma va yarmarkalarda sotishdan tushadigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi o‘z hisob raqamlariga, shu jumladan bank o‘tkazmalari orqali yoki naqd pul shaklida kiritish huquqi beriladi. 2024-yil 1-oktуabrdan 2027-yil 1-oktabrga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi, 2027-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari
20 foizdan 10 foizgacha kamaytiriladi.
Termiz shahridagi “Zargarlik markazi”da zargarlik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari hamda zargarlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi vakillari, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi o‘rinbosari Dilshod Salomov ishtirok etib, farmonda belgilangan chora-tadbirlar, imtiyoz va imkoniyatlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, viloyatimizda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar jami 51 nafarni, zargarlik buyumlari va bijuteriya buyumlarini ishlab chiqaruvchilar 9 nafarni, ixtisoslashgan do‘konlarda soatlar va zargarlik buyumlari chakana savdosi bilan shug’ullanuvchilar esa 42 nafarni tashkil etadi.
Adolat MO‘MINOVA