Mening tanlovim – obod vatanim

Date:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlislaridan birida mamlakatimizda navbatdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlari saylovini o‘tkazish to‘g‘risida masala muhokama etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashi inobatga olinib, saylovlar joriy yilning 27-oktyabrida o‘tkazilishi, saylovga tayyorgarlik 26-iyuldan boshlanishi haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi. Shunga ko‘ra mamlakatimizda belgilangan sanadan boshlab saylovlarga rasman start berildi.Ta’kidlash joizki, joriy yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangan saylovlar avvalgi saylovlardan tubdan farq qilib, yangi tahrirdagi qabul qilingan Konstitutsiya asosida o‘tkaziladi. Xususan, mustaqil mamlakatimizda saylov tarixida bu yil birinchi marta saylovlar aralash saylov tizimida, ya’ni majoritar-proporsional tizimida o‘tkaziladi. Bunda amalda saylanishi lozim bo‘lgan 150 nafar Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni, saylovchilar aniq ovoz berishi yo‘li bilan, 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, joriy saylovlarda ilk marotaba siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi. Avvalgi saylovlarda bu ulush 30 foizgacha belgilangan edi. Albatta, saylov tizimidagi ushbu o‘zgarish mamlakatimizda xotin-qizlarlarning jamiyatda tutgan rolini yanada oshirish, ularga ham o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishda teng imkoniyatlar yaratish borasida Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat natijasidir.Bu yilgi saylovda kutilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri deputatlikka nomzod saylash uchun saylovchilarning nisbiy ko‘pligi, ovozini olish lozimligi belgilangani bo‘ldi. Unga ko‘ra, bu yil saylovga kirgan deputatlikka nomzodlar avvalgidek umumiy ovozlarning 50 foizidan oshgan miqdorini emas, balki tegishli saylov okrugidan boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan taqdirda deputat bo‘lib saylanishi mumkin bo‘ladi. Natijada, takroriy ovoz berishni tashkil etish jarayonlariga qolmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari ham kuchaytiriladi. Jumladan, endilikda hokimlarning bir vaqtning o‘zida Xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyotiga ham barham beriladi. Shuningdek, avval hokimlar vakolatida bo‘lgan 33 ta vakolatlar ham mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgani Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirishda muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Dunyo saylov tajribasidan kelib chiqib, saylovdagi akasariyat muhim jarayonlarni inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, shu maqsadda saylovning texnologik yangiligi sifatida “E-saylov” axborot tizimi ishga tushirildi va ushbu tizim orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Albatta, bo‘lg‘usi saylovlarning ochiq-oshkora, shaffof, amaldagi Konstitutsiyamizda belgilab berilgan tartib-tamoyillar asosida o‘tishini ta’minlash ko‘p jihatdan unda fuqarolarning faol ishtiroki hamda har bir fuqaroning (saylovchilarning) o‘z pozitsiyasini to‘g‘ri anglashi, saylov qonunchiligini chuqur bilib, unga to‘g‘ri amal qilishiga juda bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, qolaversa, saylovlarning mamlakat hayotidagi o‘ziga xos alohida o‘rni e’tiborga olinib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27 oktyabrda o‘tkazilishi belgilangan saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tkazilishi belgilandi. Umid qilamizki, mamlakat taqdiri, Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz ushbu siyosiy jarayonda faol ishtirok etib, o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etadilar.

Jamshid Aliyev,

“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Vatanparvarlik vujudimizda

Vatanni sevish — inson tug‘ilganidan onasini yaxshi ko‘rish, o‘z...

“QALQON” HARBIY QISMDA

Termiz davlat universiteti volontyor talabalaridan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhi...

Talablar o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida Umra tadbirlarini tashkil etish va...

Statistika agentligi ISO 9001 xalqaro sertifikatini oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-114-son qarorida belgilangan vazifalardan...
KunTun
KunTun