Bugunidan mamnun, ertasiga umid va ishonch ila boqayotir

Date:

Eng avvalo, har kim o‘zi uchun harakat qilishi, oldinga intilmog‘i lozim. Olma pish, og‘zimga tush degan bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ayni aqidaga amal qilganlarga esa bugungi kunda “Sayxunobod tajribasi” katta imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Qo‘lida hunari bor, tikish-bichish, qandolatchilikni bilgan ham o‘z yo‘nalishida mehnat qilayotgan bo‘lsa, tashabbuskor, tinib-tinchimas tadbirli kishilar esa o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgani quvonarli. Xullas, qayga boqmaylik, ishbilarmonlik muhiti, fuqarolar munosib qo‘llab-quvvatlanib, yaratilgan sharoitlardan mamnun holda harakat qilayotir. Ana shunday insonlarning mehnati, erishayotgani esa atrofdagilar uchun eng yaxshi namuna bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar, yaratilayotgan ish o‘rinlari hamda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “Sayxunobod” tajribasini joriy etish ishlari bilan tanishish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, viloyat rahbari tumanning “Shirinobod” mahallasida “Turdi Jo‘raqul” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan sutni qayta ishlash loyihasi bilan tanishdi. Umumiy qiymati 600 million so‘m bo‘lgan loyihani kengaytirish uchun kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan bo‘lib, 10 ta ish o‘rni yaratilgan. Yillik quvvati 90 tonna bo‘lgan sexda qaymoq, kefir, smetana va boshqa turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Viloyat rahbari ish jarayonlari hamda mahsulotlar bilan tanishib, shu yerda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Tadbirkorga loyihani yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvati va ish o‘rinlari sonini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali ko‘mak ko‘rsatilgan yana bir loyiha, “Dream’s Shahrinaz” oilaviy korxonasining hunarmandlik mahsulotlari tayyorlash va tikuvchilik fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Loyiha doirasida 62 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yiliga 2,9 milliard so‘mlik 10 turdagi hunarmandchilik va tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanadi. Viloyat hokimi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, Surxon vohasining milliy kiyimlari, do‘ppi va choponlar, folkor liboslar tikilishi yo‘lga qo‘yilganligi, milliy qadriyat va an’analarni rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi uchun tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Albatta, boysunliklarning har kuni ana shunday mehnat-u harakatda o‘tmoqda. Peshona terisi ila halol rizq topib ro‘zg‘or tebratayotgan odamlar bugunidan mamnun, ertasiga esa umid va ishonch bilan boqayotir. Qo‘lida hunarim, qilgali ishim yo‘q degan ham hech bo‘lmaganda o‘zini ekin-tikin ishlariga urgan. Meva-sabzavot yetishtirib sotib, daromad ko‘rayotganini kuzatishning o‘zi maroqli.
Tashrif so‘nggida viloyat hokimi tumanning “Bog‘ibolo” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 65 yoshli tajribali dehqon Yodgor Mamatmurodovning xonadonida bo‘ldi. O‘zining shaxsiy tomorqasida bog‘dorchilik, ko‘chatchilik, issiqxona hamda chorvachilikni yo‘lga qo‘ygan mirishkor oila a’zolarini ham doimiy mehnatga, tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatib keladi. Viloyat rahbari fuqaroning mazkur ishlarini, dehqonchilik tajribasini e’tirof etdi hamda tashrif yakunida mas’ullarga “Sayxunobod” tajribasini namunali tashkil etish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xalqaro kuzatuvchilar gazeta tahririyatida

Sanoqli kunlardan so‘ng, yurtimizda muhim siyosiy jarayonlar boshlanadi. Tayyorgarlik,...

Faqat Ko‘hitangda bor…

Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududi O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasining...

Sho‘rchida xrizantema yetishtirilmoqda

Bayram yoki tug‘ilgan kunimizda gul sovg‘a qilishsa, bahri dilimiz...

“Qo‘qon–Termiz–Qo‘qon” yo‘nalishi bo‘yicha…

Qaysidir viloyat yoki davlatga borishimizga to‘g‘ri kelsa, manzilga eng...
KunTun
KunTun