Surxondaryo qadimiy va tabiati go‘zal ekani bilan butun dunyo e’tiborida. Shu sabab yilning qay faslida bo‘lmasin, janubiy vohaga sayyohlarning qadami uzilmaydi. Bu, albatta turizm sohasi rivojlanishiga xizmat qilayotir. Shunday ekan, mehmonlar uchun munosib shart-sharoit, xizmat turlarini yaratish lozim. Zero, Surxondaryo kelguvchi turist qayta va qayta mehmon bo‘lishni ixtiyor etsin.
Shu sabab, voha tadbirkorlari mehmonxona biznesiga katta e’tibor qaratgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-17-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, viloyatda qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, xususiy sektor uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududdagi turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-apreldagi 218-son qarori va “Surxondaryo viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun investorlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomi tasdiqlangan.
Ayni nizom tadbirkorlar uchun anchayin qulaylik yaratadi va moddiy jihatdan katta ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu qaror nizomida 2024-yil 1-maydan 2026-yil 31-dekabriga qadar Surxondaryo viloyatida investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan bir martalik subsidiya ajratiladi. Subsidiya belgilangan muddatlarda muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan mehmonxona uchun uning toifasi va xonalar sonidan qat’i nazar ajratiladi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan, shuningdek, bankrotlik va tugatish jarayonida bo‘lmagan investorlarga subsidiya ajratilishini eslatib o‘tish joiz.
Shu o‘rinda, subsidiya toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun — 15 million, 1 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun — 20 million so‘m, 2 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun —25 million so‘m, 3, 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qarorida belgilangan miqdorlarda ajratiladi.
Investor subsidiya olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki Davlat xizmatlari markazidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Subsidiya arizada ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilmaganda, ariza beruvchi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi, shuningdek, bankrotlik va tugatish jarayonida bo‘lmasligi haqidagi talablarga javob bermasa, mehmonxona Surxondaryo viloyati hududidan tashqarida joylashganda subsidiya berish rad etiladi.
Yangi mehmonxona uchun subsidiya ajratiladi
Date: