Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Komissiya raisi Z.Alimardonova boshqarib borgan majlisda viloyat hududiy saylov komissiyasiga taqdim etilgan tuman va shahar saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar ko‘rib chiqilib, ularni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibiga komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va komissiyaning sakkiz – o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat jami 257 nafar shaxs kiritilgan. Eslatib o‘tish joizki, ularning 105 nafari, ya’ni 40,9 foizi xotin-qizlardan iborat. A’zolarning 188 nafari ilgari ham saylov komissiyalari tarkibida ishlagan, bu borada tajribaga ega.
Oliy ma’lumotlilar – 218 nafar, o‘rta-maxsus ma’lumotlilar – 39 nafar. Mutaxassisligi bo‘yicha 79 nafari pedagog, 55 nafari iqtisodchi, 25 nafari huquqshunos, 15 nafari tibbiyot xodimi, yana 15 nafari muhandis, 10 nafari jurnalist va 58 nafari boshqa soha vakillaridir.
Komissiya a’zolarining 28 nafarini 21-30 yoshlilar, 105 nafarini 31-40 yoshlilar, 81 nafarini 41-50 yoshlilar, 33 nafarini 51-60 yoshlilar, 10 nafarini 60 yoshdan kattalar tashkil etadi.
Tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi, manzili va telefon raqamlari rasmiy veb-sayt va mahalliy matbuot nashrlarida e’lon qilinadi. Majlisda Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi saylov okruglarini tuzish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Komissiya a’zolari viloyat hokimligining taqdimnomasiga binoan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda chegaralangan 50 ta saylov okrugini tuzish haqida qaror qabul qildi.
Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi. Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan mazkur qaror rasmiy veb-sayt va mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.
Tuman (shahar) saylov komissiyalari hamda saylov okruglari tuzildi
Date: