Yetakchilikdan tomorqachilikkacha…

Date:

Bugun yerga munosabat tamomila o‘zgargan. Ishsiz, muqim daromad manbayiga ega bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash, daromadli qilishning yechimi tomorqadan unumli foydalanish deya ishonch bilan ayta olamiz. Shu ma’noda Denov tumanining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan “Jamatak” mahallasidagi shart-sharoit, imkoniyatlar maqtanishga arzigulik. Mahallada aholi farovonligi oshib, dehqonchilik va tomorqachilik bilan shug‘ullanadiganlar safi anchayin ortgan. Buning asosiy sababi hududning qulay geografik o‘rni, “To‘palang” suv ombori orqali obihayot bilan yaxshi ta’minlanganidir.
“Jamatak” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhammadjon Do‘stqobilov bu borada mahalladoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotir. Yetakchining hovlisi va tomorqadagi yashillik, turfa daraxt va ko‘chatlardagi hosilning cho‘g‘i ko‘zingizni quvnatadi. Inson chin dildan mehnat qilsa, kam bo‘lmasligi, oila bandligi, xonadon farovonligini ta’minlashda tomorqaning ahamiyati kam emasligini anglaysiz.
Qahramonimizning 10 sotixli issiqxonasi 4 ga bo‘lingan. Birida pomidor va bodring, boshqasida apelsin va mandarin, uchinchisida limon yetishtirilsa, yana birida manzarali gullar parvarish qilinadi.
O‘simliklarni erta ko‘klamda sovuq urishi 2022-yilda 60 million so‘m kredit olib, 10 sotixli issiqxonani qurishiga sabab bo‘lgan.
– Bizda pechkali issiqxonalardan keng foydalaniladi, – deydi yetakchi. – Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali chet eldagi qishloq xo‘jaliklari bu borada oqilona va samarali hisoblangan “Termosstop” usulidan foydalanayotganiga guvoh bo‘ldim. Termosstopda 3 qavatli plyonka qatlam ishlatiladi, 2 qavati issiqxona ustidan va 1 qavat plyonka issiqxonadagi o‘simlik yoki daraxt ustidan qoplanadi.
Yoshlar yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bu fevral oxiri va mart oyi boshida kuzatiladigan sovuqda tushgan qirov zahrini ichkariga o‘tkazmaydi. 2-plyonka qavati va o‘simlik ustidagi qavat o‘rtasida vakuumli termostatik muhit paydo bo‘ladi. Bu bir tomondan hosilni asrasa, ikkinchi tomondan energiya resurslarini tejaydi. Yashavor, azamat, deging keladi, beixtiyor.
Yetakchining tomorqasi va issiqxonasida pomidor-bodringdan tortib, apelsin, mandarin, limon va hatto zaytunni ham uchratasiz. Birinchi issiqxonada pomidor va bodring ayni hosilga kirgan, mevalarga rang ingan.
Yoshlar yetakchisi sitrus mevalarni mahalliylashtirishda tajriba to‘plagan. Limon, mandarin, apelsinni ikkinchi va uchinchi issiqxonalarda yetishtirish, ko‘chatchilikni ham yo‘lga qo‘ygan.
Shundanmi, ushbu mahallada tomorqasi bo‘sh yotgan bironta xonadon yo‘q. Ayni palla tomorqadan unumli foydalanish, aholining bandligini ta’minlash, “bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda sanoatbop va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashuv jarayoni jadal sur’atda davom etayotgan bir paytda mazkur hayotbaxsh islohotlar ijrosini ta’minlash maqsadida 40 nafar yoshning xonadonida issiqxona qurib berildi. 15 nafar yoshga “E.auksion” platformasi asosida mahalla hududidan 21 sotixdan 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga yer maydoni ajratildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qashqadaryolik jurnalistlar Termizda

Har bir fuqaro saylash va saylanish huquqiga ega. Joriy...

O‘qituvchi maoshini o‘zi belgilaydi

O‘qituvchi-pedagoglar qadr topib, ular uchun barcha shart-shaoitlar yaratildi. Maqsad...

Loyihalar va taqdimotlar bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq...

Marburgga qarshi choralar kuchaytirildi

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrika qit’asidagi Ruanda davlatida Marburg...
KunTun
KunTun