Onaizordan, padari buzrukvordan farzandingizning qaysi birini boshqasidan ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, deya so‘rasangiz, savolingizni eshitiboq bir entikib, hayron qoladi. Bilasizki, bunday savolni ota-onaga berishning o‘zi nazarimda noo‘rin. Sababki, hech qaysi ota-ona xarakteri, mavqeyi, fe’l-atvori qanday bo‘lishidan qat’i nazar barcha bolalarini birdek yaxshi ko‘radi, mehr berib, birini biridan aslo ajratmaydi.
Oramizda shunday ijodkorlar ham borki, bolasi tugul, o‘zi yaratayotgan ijod mahsulini ham birdek qadrlaydi, birini boshqasidan kam ko‘rmay, farzandiga tenglashtira olgan. Bundayin holatni asli ayni vaqtda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida fotomuxbir sifatida faoliyat yuritib, allaqachon xalqaro miqyosidagi taniqli fotomuxbirga aylanib ulgurgan jarqo‘rg‘onlik Almurot Mamadaminovning ham ijod mahsuli, ya’ni turli vaziyatlarda, turli xil davlatlarda olgan fotosuratlariga bo‘lgan mehrida ko‘rdim, desam adashmagan bo‘laman.
Termiz shahrida joylashgan “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasida tashkil etilgan sport yo‘nalishidagi fotoko‘rgazmada ijodkorning sport sohasidagi 100 dan ortiq eng original, o‘ziga xos fotosuratlari terib qo‘yilgan, ijodkorning mahorati har bir ijodiy ishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shunday mohirlik bilan shiddatkor va doim harakat davom etib turadigan sport turlaridagi holatlarni, kulminatsion nuqtalarni ham fotoqopqonga muhrlaganki qoyil qolib, zavq olmaslikning imkoni yo‘q.
— Bunday qaynoq va ko‘z ilg‘amas vaziyatlarni real holatda fotosuratlar orqali ko‘rsatib berish, soniyada yuz beradigan jarayonlarni asl holicha muxlislariga armug‘on etish uchun, eng avvalo, har qanday fotomuxbir o‘sha sohani, o‘zi suratga olayotgan sport turi sirlarini mukammal egallashi, qaysi vaziyatda sportchi qanday holatda ko‘rinish berishini oldindan bilganday suratga olishga tayyor turishi kerak, — deydi qahramonimiz Almurot Mamadaminov. — Bolaligimdan sportga, soha vakillarini suratga tushirishga qiziqqanim uchun ham ushbu yo‘nalishda ijod qilishga, fotomuxbir bo‘lishga qaror qilib, o‘z ustimda sidqidildan ishlab kam bo‘lmadim. Ilgari sportdagi eng muhim vaziyatlarni suratga olish biroz mushkulot edi. Chunki kameralar birmuncha oddiy, tezligi ham pastroq edi. Soniyasiga bir yo ikki marotaba suratga olishga ulgursak, bugungi kundagi fotokameralar soniyasiga 30-40 ta kadr olish imkoniyatiga ega. Bu esa fotomuxbirning ishini biroz yengillatadi, uning ustiga mahorat ham qorishib, original surat tarixga muhrlanadi. Mahoratli fotomuxbir bo‘ladimi, endigina sohaga kirib kelayotgan ijodkormi, eng avvalo, ish quroli, ya’ni fotokamerasi yaxshi bo‘lishi, tushirilayotgan obyekt yoki jarayon yaxshi yoritilishi ham muhim.
Qahramonimizning ilk ko‘rgazmasi “Tezroq, balandroq, kuchliroq” shiori ostida 2018-yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan. Ahamiyatlisi, respublikamizda ilk bora sport yo‘nalishidagi suratlar ko‘rgazmasi ham aynan ushbu ko‘rgazma edi. Ana shu paytda ijodkor o‘zi o‘qigan, bolaligi o‘tgan jonajon maktabida, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 32-maktabda ham xuddi shunday ko‘rgazma tashkil etaman, deya ko‘ngliga tukkandi.
Vaholangki, yaqindagina ijodkorning ushbu niyati amalga oshib, tahsil olgan maktabida o‘quvchi-yoshlar uchun ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etilib, bir hafta davomida ijod namunalari maktabda namoyish etildi. Viloyat Sport boshqarmasi mas’ullarining taklifiga asosan esa ko‘rgazmani viloyat miqyosida ommalashtirish maqsadida voha markazida ham tashkil etildi.
Almurat Mamadaminov ayni vaqtda Muhammad AMIN taxallusi bilan ijod qilayotir. Ijodkorning hayoti va faoliyatiga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, qahramonimiz 1958-yili 15-sentyabrda viloyatizning Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 1983-yili Toshkent davlat universitetining “Toshkent universiteti” ko‘p nusxali gazetasida texnik redaktor sifatida boshladi. Shundan so‘ng, “Yosh Leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida muxbir, katta muxbir, mas’ul kotib o‘rinbosari, bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida fotomuxbir lavozimlarida ishladi. 1996-yildan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zAda fotomuxbir lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Almurat Mamadaminov fotomuxbir sifatida mamlakatimizda va xorijda o‘tkaziladigan turli nufuzli anjumanlar, festivallar, sport musobaqalari, ko‘rgazmalardan fotoreportajlar, fotolavhalar tayyorlab, respublikamiz ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishida munosib hissasini qo‘shib kelayotgan zabardast ijodkorlardan.
Qahramonimiz faoliyati davomida yuzlab shogirdlar tayyorladi. Hozirda ular respublika ommaviy axborot vositalarida fotomuxbir sifatida yorqin faoliyat olib bormoqdalar. U mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan minglab turli mavzudagi tadbirlarda ishtirok etayotir. Uning fotolari bosh mavzusi — xalqimizning boy tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari, odamlarning mard-tantiligi, mehmondo‘stligi, mehnatsevarligi, o‘z ezgu maqsadi yo‘lida tinmay harakat qilishi, yuksak natijalarga erishgan yoshlarimizning g‘alaba nashidasi, quvonchi, xalqimizning olijanob fazilatlari, zamonamiz qahramonlarining o‘tmishi, buguni, turmushi, his-tuyg‘ulari, orzu-intilishlaridir.
A.Mamadaminovning ijod namunalari respublika miqyosida, hukumat doirasidagi nashrlarda, fotoalbomlarda, mustaqilligimiz, tinchlik-osoyishtaligimiz, xalqimizning baxtiyor va farovon hayoti, bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, yoshlarimizning shijoatini aks ettiruvchi plakatlardan keng joy olgan. Kamtarin ijodkorning mehnati kamol topib, 2019-yili O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2021-yili Turizm va sport vazirligining “Eng faol sport fotomuxbiri” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
U faoliyati davomida London va Tokioda o‘tkazilgan yozgi olimpiya o‘yinlarida davlatimiz delegatsiyasi tarkibida ishtirok etib, sportchilarimizning g‘alabali onlarini onlayn tarzda yorita oldi. Shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan “Islom birdamlik o‘yinlarida”, Xanchjau (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida fotomuxbir sifatida qatnashib, sportchilarimizning g‘alabali onlarini fotobyektiviga muhrladi.
2022-yili esa “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Kuni kecha esa “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani, ko‘ksidagi medallari sonini tag‘in bittaga boyitdi.
U hozirgi kunda ham tinmay ijod qilib kelmoqda. A.Mamadaminovning turli mavzulardagi fotosuratlari gazeta va jurnallarda, nashrlarda muntazam chop etilmoqda.
Maqsadi o‘zbek sportini, ayniqsa, o‘zi tug‘ilib o‘sgan vohalik sportchilarni dunyoga mashhur qilishda o‘zining olgan suratlari bilan hissa qo‘shish, xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, sportchilarimizning haqiqiy mahoratlarini keng jamoatchilikka yetkazish orqali munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lagan ijodkor bilan suhbatga tutinsangiz, kamtarlik va samimiyatdan o‘ziga zeb bergan inson qiyofasi ko‘z o‘ngingizda gavdalanib, ana shunday insonlar borligidan mamnun bo‘lasiz.
Adolat MO‘MINOVA