O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar bilan ta’minlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dastur (Zero Risk) joriy etiladi.
Mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyiha (Local to Global) amalga oshiriladi.
Umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasida yuridik shaxs sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda IT-park rezidenti maqomi beriladi.
Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-parkning tavsiyanomasiga asosan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda IT-park filiallarining davlat mulki bo‘lgan bo‘sh binolari va maydonlari (xonalari) bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.
Bir yil muddat tugagandan so‘ng, Dasturda ishtirok etuvchi korxonalar bilan ularga tekin foydalanish huquqi asosida berilgan bino va maydonlar (xonalar) yuzasidan “E-auksion” elektron savdo platformasida bir metr kvadrat maydon uchun tegishli hudud bo‘yicha shakllangan o‘rtacha ijara haqi miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi.
IT-park tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, keyinchalik ular 3 oylik davrda foizsiz bo‘lib to‘lash (xarid qilish) sharti bilan taqdim etiladi.
Raqamlashtirish yangi bosqichda…
Date: