Parvoziga qanot bo‘lib…

Date:

Yoshlar har bir davlatning kelajak taqdirini yaratuvchisi sifatida qaraladi. Ularga katta umid bog‘langan bo‘lib, jamiyatning barcha jabhasida ildam, ilg‘or bo‘lishlari, salohiyatli, yetuk kadrlar sifatida shakllanishlari uchun yurtimizda barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilgan. Amalga oshirilayotgan islohotlarga javoban har bir yosh munosib o‘qib o‘rganishi, o‘z ustida ishlashi, asosiysi, o‘z taqdiriga befarq bo‘lmaslgi lozim. Albatta, yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, orzu va maqsadlarini analga oshirishda ularga qanot bo‘ladigan tashkilotlar ham borki, ularning faoliyati, amalga oshirgan ishlari yigit-qizlar hayotida tub burilish yasayotir. Ana shunday tashkilot sifatida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligini aytishimiz mumkin. Agentlik yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqib, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechim topishda bosh-qoshdir. Yoshlar ishlari agentligi yoshlar muammolarini o‘rganuvchi va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hisoblanadi. Agentlik hududiy bo‘linmalari bilan respublikamizdagi har bir yoshni qamrab olgan holda o‘z faoliyatini yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ham surxon yoshlariga munosib ko‘mak berib, ularning iqtidorlarini kashf etishda, qo‘llab-quvvatlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotganini e’tirof etish o‘rinlidir. Agentlikning hududiy boshqarmasi Surxondaryo viloyatidagi 733 004 nafar yoshning qiziqishlari, orzu va maqsadlari, kelajak o‘ylari bilan qiziqqan holda ish olib boradi. Yoshlar qizil, sariq va yashil toifalarga bo‘lingan holda, har bir toifa bilan alohida ishlaydi. Ayniqsa, 19 555 nafar qizil toifadagi yoshga 451 nafar rahbarlar biriktirilgan bo‘lib, ular notinch oilada yashaydimi yoki yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolganmi, xullas hayotidagi har qanday muammo o‘rganilib, ularni sog‘lom hayotga qaytarish choralari ko‘rilib, profilaktik tadbirlar, tushuntirish va suhbarlar tashkil etilib, natijaga erishilmoqda. Salomatligida muammosi bor 6544 nafar yosh davolatilgan bo‘lsa, notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarda muhit yaxshilanishiga erishildi.
Yana bir gap, voha aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etar ekan, mehnat resurslari ham ayni ulardir. Qolaversa, bugungi kunda rahbarlarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotganidan ham ularga qaratilgan e’tiborni ko‘rish mumkin. Bu boradagi ishlarni izchillik bilan olib borish, yoshlarni rahbarlikka tayyorlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari, turli illatlar ta’siriga tushib qolmasliklari, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “Yoshlar — kelajagimiz” dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi tuzilgan. Yoshlarning biznes tashabbuslarini, start-up g‘oyalarini amalga oshirish maqsadida jamg‘arma hisobidan mablag‘lar ajratilib kelinayotgani yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga asosiy turtki vazifasini o‘tayapti. Birgina o‘tgan yil boshida ishsiz yoshlar soni 28 008 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 7 506 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. 5 765 nafariga ekin maydonlari ajratildi, 3494 nafariga subsidiya ajratish hisobiga o‘zini-o‘zi band qilishdi. Qolaversa, 4 609 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, 4 120 nafariga tadbirkorlik qilishlari uchun kredit ajratildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda va jarayon davom ettirilmoqda.

Yoshlar qayerda bo‘lmasin, ularning taqdiriga davlatimizning befarq emasligini, ular bilan doimiy qiziqib, muammosi, qanday masalasi borligi so‘ralayotgani yoshlarni yolg‘iz emasliklarini ko‘rsatadi. O‘z navbatida bunday e’tibordan so‘ng, yoshlar ham faqat va faqat oldinga intilib, bor e’tiborini, kuch-quvvatini o‘qishga, o‘rganishga, ishlab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qaratayotir. Viloyatimizdan ishlash uchun 23 185 nafar yosh Rossiya, Koreya, Turkiya, Polsha kabi davlatlarga ketgan bo‘lib, davlatimiz ular bilan doimiy aloqa o‘rnatgan bo‘lib, qanday shart-sharoitda ishlayotgani, qiyin vaziyatga tushib qolmaganmi, shu jihatlarini doimiy o‘rganib borayotir.
“Yoshlar daftari” yoshlar bilan ishlashning eng yaxshi mexanizmi bo‘lib xizmat qilayotir. To‘g‘ri-da, ijtimoiy yordamga muxtoj bo‘lib qolgan yoshga “Yoshlar daftari” asosida ko‘mak berilib, joniga ora kirilsa, yomonmi? U bu bilan hayotining keyingi bosqichini davom ettirib, o‘z yo‘lini topib ketadi. Surxondaryolik 33 170 nafar yosh o‘tgan yil hisobida “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinib, 27 502 nafar yoshning murojaatlariga asosan to‘lov-kontrakti, turar joy va ijara xarajatlari, haydovchilik guvohnomasi, safarbarlik chaqiruv rezervi, tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlari qoplab berildi. Qolgan 5 668 nafar yigit-qizning murojaati esa jarayonda.
Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo hududiy boshqarmasi nafaqat yoshlarning bandligini ta’minlash, muammo va ularni qiynayotgan masalalarni bartaraf etishga, balki bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yo‘lida ham tizimli ishlar olib bormoqda. Doimiy ravishda yurtimizda turli tadbirlar, tanlovlar, sport musobaqalari, forum va festivallarning o‘tkazib kelinayotgani esa fikrimiz isboti bo‘la oladi. Ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi” maktab, mahalla, oliygoh yoshlarini-da qamrab olib, ularning iqtidor va mahoratlarini, bilimlarini namoyon etishda katta maydon vazifasini o‘tayapti. Olimpiadaning har bir mavsumida yoshlar katta qiziqish bildirib ishtirok etayotgani tadbir va tanlovlarning ahamiyatini, nufuzini oshirishga xizmat qilayotir. G‘oliblarning munosib taqdirlanishi yosh yigit-qizlarning kelajak taqdirlarida tub burilish yasagan bo‘lsa, ayni shu g‘oliblik asosida mahallalarimizda sport maydonchalari barpo etilib, foydalanishga topshirilgani ularning nimalarga qodir ekanini ko‘rsatgandek bo‘ldi. Bunday muvaffaqiyatlar esa qolgan yoshlarni va ruhlantirib, munosib izdosh bo‘lishga chorlayotgani ham rost.
Albatta, uchinchi renessans poydevori, bunyodkorlari yoshlardir. Ertangi kunimizning kafolati, davlatning yuksalishi faqatgina yoshlarga, ularning harakatiga, yuksak salohiyatiga bog‘liq. Shunday ekan, ularning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ular bilan qiziqish, hisoblashish, muammo va dardini tinglab, amaliy yordam berish, huquq va manfaatlarini himoya qilish shart va zarur. Ana shundagina yoshlar katta kuchga aylanadi. Bu yo‘lda esa Yoshlar ishlari agentligining hissasi va o‘rni katta, u yoshlarni qo‘llab, yuksaklarga parvoz etishi uchun qanot vazifasini o‘tayapti.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Migrantlar mahalladoshiga skuter sovg‘a qilishdi…

Azal-azaldan yurtimizda mahalla-ko‘y orasida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ orasida mehr-oqibat, sahiylik,...

“Bobotog‘ yoshlari festivali” o‘tkazildi

Yoshlarning har daqiqasi foydali va munosib o‘tishi kerak. Oltinga...

Kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi

Kambag‘allik ishsizlik, bekorchilikdan, birinchi qadamni tashlashga cho‘chishdan kelib chiqadi....

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlasak…

Bugun negadir ajrimlar, oilaviy nizolar haqida bot-bot to‘xtalamiz. Muammoning...
KunTun
KunTun