“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatining Termiz shahrida sayyor qabuli tashkil etildi. Shahar hokimligi binosida boshlangan qabulda Surxondaryo viloyati aholisi, sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlar, jismoniy va yuridik shaxslar, faol yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir boshida aviakompaniya vakillari tomonidan yil boshidan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida olib borilayotgan doimiy aksiyalar haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra 23-noyabrdan 30-noyabrga qadar yo‘lovchilar chipta xarid qilishlari uchun 20 foizlik chegirma qilindi. Aviaparkni to‘ldirish, qatnovlarni tiklash va yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish yaqin yillardagi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Sayyor qabul doirasida yoʻlovchilarni qiynayotgan muammolar boʻyicha hamda sohaga qiziqishi bo‘lgan yoshlar va ishtirokchilar bilan savol-javob tariqasida muloqot qilindi. Qabul davomida yo‘llangan murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qoʻshimcha oʻrganish hamda vaqt talab qiladigan murojaatlar boʻyicha masʼul rahbar va xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni joyida ko‘rib chiqish etib belgilangan. Bu oxir-oqibat odamlarning adolatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Maqsad esa bitta – har bir insonni tinglash, aholi muammolarini o‘rganish va hal qilishdir.
Aviatashuvlar bo‘yicha agentlar, sayyohlik tashkilotlari vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Barcha takliflar diqqat bilan o‘rganilib, keyinchalik ishlab chiqish va amalga oshirish uchun inobatga olindi. Qolaversa, sayyor qabul bahonasida aviakompaniyaga stuardessalikka ishlash istagi bor nomzodlar ham saralandi. Til bilish va ma’lum talablarga javob bera oladigan nomzodlar shu joyning o‘ziga ishga qabul qilindi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi xalq bilan uchrashuvlarni har bir viloyatda tashkil etilib, yoʻlovchilarni qiynayotgan muammolarga yechim topib, ularning taklif-mulohazalarini oʻrganishda davom etadi.
Dinara Qo‘zimurotova
Islom Mengliyev
(surat)