“Yashil to‘lov” platformasi joriy qilinadi

Date:

“Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimizda keng quloch yozib, chor atrofimiz yashillikka burkanmoqda. Loyihadan ruhlanib, o‘zimiz yashaydigan hududda qarovsiz va bo‘sh turgan yer maydonlari bor bo‘lsa va u yerda yashil bog‘ tashkil etilsa, ajoyib manzara ko‘zni quvnatishini, qolaversa, mazkur bog‘ aholi bo‘sh vaqtida sayr qiladigan ajib maskanga aylanishi mumkin degan xayolda bo‘lishimiz mumkin. Endi esa ana shunday xayollarimizni ro‘yobga chiqarish imkoniyati tug‘ildi. “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–199-son, 23.11.2023-y.)ning qabul qilinishi esa fikrimiz isboti bo‘la oladi. “Yashil makon” loyihasi qamrovini yanada kengaytirish maqsadida qabul qilinayotgan mana shunday qator farmonlar loyiha ahamiyatining nechog‘lik muhimligini ko‘rsatmoqda. Farmonga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bunda aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo‘yicha maydon manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda qiymati 250 million so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.
“Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi. Farmonga muvofiq, avtomobil, temir yo‘l, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (o‘rmon fondi yerlari bundan mustasno) “yashil bog‘lar” ushbu yerlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida 10 yilgacha tegishli shartlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi.
Yer uchastkalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “yashil bog‘” barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi. Shuningdek, har yili “Eng yashil mahalla” tanlovi o‘tkazilib, natijalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahallaning tegishli jamg‘armasiga daraxtlar ekish va sug‘orish, “yashil jamoat parki”ni yaratishga jami 500 million so‘mdan o‘tkazib beriladi. Qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralari ko‘riladi.
2024-yilda o‘rmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni tashkillashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektron to‘lov tizimlaridan foydalanuvchilar va boshqa iste’molchilar tomonidan ixtiyoriy xayriya o‘tkazmalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Yashil to‘lov” platformasi joriy qilinadi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun