So‘lim Surxonning bir burchida joylashgan “Sangardak” bugun dunyo xalqlarining diqqat markazida ekanligi vohamizda turizmni rivojlantirishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilayotganligidan dalolat.
“Sangardak” deganda ko‘z o‘ngimizda, eng avvalo, purviqor tog‘lar, sharqirab oqayotgan sharshara, shuningdek, har doim sayohatchilar gavjum bo‘ladigan maskan gavdalanadi. Ko‘pchilikka ma’lumu mashhur “Sangardak”ka “Turizm mahallasi” maqomi berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosim “Sangardak” sayliga oshiqqan ishtirokchilarga hududning turizm imkoniyatlarini yana bir bor namoyish etdi.
Ta’kidlash joizki, “Sangardak”ni turizm mahallasiga aylantirish asnosida 23 ta oilaviy mehmon uyi hamda 2 ta sog‘lomlashtirish maskani, 17 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilib, 250 ga yaqin ishsiz aholi, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Bugungi kunda qishloqda 100 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari turizmning ortidan daromad topayotir.
“Sangardak” mahallasiga Xitoy, Pokiston, Hindiston, Belarussiya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimi muntazan ravishda kuzatilgan bo‘lsa, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan keluvchi mehmonlar soni ikki barobar oshganini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 360 ming nafar mahalliy, 87,5 ming nafar xorijiy sayyohlar “Sangardak” sayohatini ixtiyor etgani quvonarli.
Sayyohlar sonini oshirish hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida, “Sangardak” mahallasi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hududga olib boruvchi 15 km ichki yo‘l ta’mirlandi, 30 ta tungi yoritish chiroqlari, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 5 ta selfi hudud, 2 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 4 ta atraksionlar va ko‘ngilochar maskanlar, “Sangardak” mahallasining ramziy kirish stellosi, 1 ta turistik axborot markazi qurib, foydalanishga shay holatga keltirildi.
“Sangardak” mahallasida oilaviy mehmon uylari va xostellarga belgilangan standartlar asosida oilaviy mehmon uyi nomi tushurilgan taxtalardan yo‘l ko‘rsatish belgilari o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Mahallaning gastronomik va ekoturizm imkoniyatlari aniqlanib, mazkur yo‘nalishda turizm xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha aholi orasida targ‘ibot-tashviqor ishlari amalga oshirildi hamda milliy taomlar tayyorlovchi gastroxonadonlar imkoniyatlari ishga solindi.
“Sangardak” mahallasida mavjud 6 ta madaniy meros obyektlari va diqqatga sazovor joylar, 2 ta ziyoratgoh, tog‘, suv, buloq kabi 20 ta tabiat manzaralari mavjud bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Turizmga ixtisoslashgan 18 ta obyekt turizm marshrutiga kiritildi.
Sariosiyo tumani markazidan qariyb 52 km uzoqlikdagi so‘lim go‘sha dengiz sathidan 2000 metr balandlikda tog‘lar orasida joylashgan “Sangardak” mahallasi 4 ta qishloqdan iborat bo‘lib, aholining asosiy daromadi bog‘dorchilik, chorvochilik, yoz va kuz oylarida dam oluvchilarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish orqali ham sangardakliklar daromad topishadi. Shu yerlik aholining yutug‘i ham shunda aslida.
Bir bora bo‘lsa-da, “Sangardak” sayohatiga tutingan kishi ortiga qaytib ketgisi kelmasligi tayin. Betakror va jilvakor tabiati, turistik maskan tarovati, xonadonlarda mavjud imkoniyatlardan foydalanilgan holda yo‘lga qo‘yilgan turizm xizmatlari sayohatchilar uchun ayni muddaodir.
2 ta quroqchilik, 2 ta gilam to‘qish, 3 ta echki sutidan tayyorlangan qurut va sut mahsulotlari savdosi va ularning tayyorlanish jarayoni sayohatchilarni befarq qoldirmasligi aniq. Ho‘l mevayu baliq savdosi va baliq mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha master klass, milliy taomlar tayyorlovchi gastroxonadonlarda yartailgan sharoit bularnng brchasi mahalliy va xorijiy sayohatchilar uchun o‘zgacha bir manzara kasb etadi. Muzey hamda ekskursiya xizmati, otda sayr qilish, basseyn xizmatlari, milliy kuy qo‘shiqlar kuylash, kashtachilik, agroturizm xizmatlari (sigir va echki sog‘ish), non yopish bo‘yicha master klass, turizm axborot markazi, suviner mahsulotlari savdosi xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani sayohatchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kelgusida “Sangardak” turizm mahallasida yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va ekstremal turizmni rivojlantirish (tog‘larda dor yo‘llari) va bu orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish belgilab olingan.
Ahamiyatli jihati, “Sangardak” mahallasiga ushbu maqomning berilishi aholi farovonligi, qolaversa, tadbirkorlik subyektlari faoliyati gullab-yashnashi, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish orqali hududning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Marosimga yig‘ilganlar “Turizm mahallasi” viloyatiga birinchisi va oxirgisi bo‘lib qolmasligi, bunday mahallalar har bir tumanda tashkil etilishi kerakligini, vaholanki, bunga vohada imkoniyatlar yetarli ekanligini alohida ta’kidlashdi.
Adolat SAFAROVA