Hammamizga ma’lumki, ilgari yer uchastkalaridan foydalanish uchun ijaraga yoki sotib olmoqchi bo‘lsak, hali hokimlik, hal kadastr agentligiga borib, ko‘plab sarsongarchiliklarga duch kelardik. Natijada vaqtimiz ketar, korrupsion holatlarga ham eshik ochilardi. Achinarlisi esa peshona terimiz bilan topgan pulimizni o‘zimiz firibgarlarning qo‘liga qo‘shqo‘llab topshirardik. Endilikda yer munosabatlariga shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish mulk munosabatlariga asossiz aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaning oldini olish maqsadida elektron onlayn auksion orqali boshqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bu boradagi ishlarni bir tizimga solish maqsadida 2023-yil 19-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan xususiy mulkchilik instituti joriy etilishi va mulk huquqining daxlsizligiga oid qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Prezident ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi
Farmoni qabul qilingan. Mazkur hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi:
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali berish (realizatsiya qilish);
- yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratishni nazarda tutuvchi tartiblar, imtiyoz va istisnolarni to‘liq chiqarib tashlash;
- jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘arma faoliyatini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari bo‘yicha o‘zgarishlar.
Unga ko‘ra, endilikda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlar uchun, shu jumladan sanoat va fuqarolik obyektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun, shuningdek, unumdor tuproq talab etilmaydigan ilg‘or texnologiyalarning (gidroponika va boshqalar) yangi usullari qo‘llaniladigan issiqxonalar qurilishi uchun ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur bandning eski tahririda ham shu mazmundagi cheklov mavjud edi. Biroq Prezident qarorlari bilan ajratiladigan yerlar ushbu tartibdan istisno qilingan edi. Endilikda, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ajratiladigan yerlar bundan mustasno”, jumlalari ushbu banddan olib tashlandi va sug‘oriladigan yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlar uchun ajratish to‘liq taqiqlandi.
L. Gʻoyibov,
“Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish”
AJ Surxondaryo viloyat vakili