Jurnalistika sohasida faoliyat yuritganimiz uchunmi, yoshlarning “qanday qilib maqola yozasizlar”, “nima haqida yozsam ekan?” degan savoli tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Aslida bizni o‘rab turgan borlig‘u makon, jamiyat hayotimiz mavzularga to‘la, tanqid va maqovlarga, tahlillarga esa muhtoj. Istak va xohish bo‘lsa esa maqola yozilaveradi. Kolumb Amerikani kashf etganidek, yangidan-yangi materiallar tug‘iladi. Muammolar ochiqlanib, og‘riqlar, masalalar muhokama qilinadi, takliflar beriladi.

Shu jihatdan jurnalistika jamiyat hayotining barcha jabhalarini egallab oladi. Qaysi tizimda yangilik bo‘lsa, demak uni yoritish, ommaga ma’lum qilish kerak. Qaysi sohada ishlamang, faoliyatingiz davomida nimadir yozishingiz, gazetaga yoki televideniyega chiqish qilish zarurati tug‘iladi. Shunday paytda esa xabar va maqola yozishni bilish, fikrlarni yetkazib beradigan darajada nutqqa ega bo‘lish talab etiladi.

Hali biror marta maqola yozmagan, sohaga qiziqishi bo‘lmagan yoshlar, Termiz iqtisodiyot va servis universitetining bir guruh talabalari sayru sayohat bahonasida “Surxon tongi” gazetasi tahririyatida bo‘ldilar. Tahririyat binosi bilan tanishdilar. Binoga kirishlari bilan kitoblar marjondek tizilgan mo‘jazgina kutubxonaga nigohlari qadaldi. Kitobga oshno ko‘ngillar ba’zi kitoblarni varaqlashga ham ulgurishdi. Ayniqsa, ushbu kutubxonadan ularning ham foydalanishlari mumkinligi, talaba-yoshlarni quvontirdi.
Shundan so‘ng, mehmonlar “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalarining tayyorlanish, sahifalanish jarayonlari bilan tanishdilar. Gazetaning Surxontongi.uz sayti esa tezkorlik bilan kunlik yangilik va xabarlarni yoritib borayotgani e’tirof etilib, saytning qanday yuritilishi haqida ma’lumotlar berildi.

So‘zimiz avvalida aytganimizdek, gazetalar sahifalanib, chop etishga tayyor holatga kelgach esa elektron shaklda bosmaxonaga yo‘naltirilishi, so‘ng, so‘z isboti bilan deganlaridek, gazetalar Surxon tongi bosmaxonasida qanday bosilib chiqilishi haqida batafsil tushuntirilib o‘tildi.
Aytish kerakki, qizg‘in ish jarayoni, tahririyatda yaratilgan shart-sharoitlar talaba-yoshlarni qiziqtirib qo‘ydi, gazeta bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, turli mavzularda maqolalar yozib keladigan bo‘lishdi.
S.Allayeva,
I.Mengliyev
(surat)