O‘zgacha sarguzasht va xavf-xatarni sevuvchi qahramonlarni faqat filmlarda tomosha qilib, ularning his-tuyg‘u va kechinmalariga sherik bo‘lamiz. Ammo, ularning sarguzashtlarini, sinovlarini yanada yaxshi his etish uchun televizordan tomosha qilish emas, yonlarida bo‘lish lozim. Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi “Xo‘jamayxona” darasida ilk marta tashkil etilgan tog‘-ekstremal turizmi alpiniadasi esa har bir tomoshabinda ana shunday imkonni bera oldi. Chunki, bellashuvda mamlakatimizdagi o‘nga yaqin oliy ta’lim muassasasining eng sara yosh alpinistlari ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdi.
Yurtimizda sport turizmi va alpinizmini keng targ‘ib qilib, rivojlantirishni, yoshlarda sportning ekstremal tog‘ turizmiga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilgan bellashuv jamoaviy birinchilik shaklida o‘tkazildi. Unda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan sport va turizm bilan shug‘ullanadigan to‘garak hamda seksiyalardan uch nafar o‘g‘il, bir nafar qiz ishtirok etdi.
Albatta, dunyoda ommaviylashib borayotgan ekstremal turizm turistlarning maxsus tayyorgarligini, mavjud to‘siqlarni yengib o‘tishni talab etadigan sayyohlik turi sanaladi. Mamlakatimizda ham bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Ayniqsa, tog‘ cho‘qqisini zabt etish, g‘orda sayr qilish, snoubord, tog‘ velosipedi, paraplan va deltaplanda uchish, tog‘ chang‘isi kabi turlarini keng yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoit mavjud. Boysun tumanida o‘tkazilayotgan bellashuvda jamoalar tog‘ cho‘qqisini zabt etish va kompos yordamida nazorat nuqtasini topish uchun harakat qildi.
Nizomiy nomidagi Pedagogika institutining “Moziy” jamoasi 1-o‘rinni egallab, joriy yilning oktyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan mamlakat chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bellashuv so‘nggida g‘olib jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Surxondaryoda tog‘-ekstremal turizmi alpiniadasi bo‘lib o‘tdi
Date: