Termiz shahridagi “Surxon tongi” nashriyot uyida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati hamkorligida “Bosma ommaviy axborot vositalarida mahorat masalalari” mavzuiga bag‘ishlangan o‘quv amaliy seminar o‘tkazildi.
Qiziqarli munozara va savol javoblarga boy bo‘lgan seminarda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zahiriddin To‘rayev, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari bosh muharriri Salohiddin Norqobilovlar mamlakatimizda keyingi yillarda axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Sohani tartibga soluvchi qonunchilikning takomillashtirilgani ommaviy axborot vositalari vakillarining samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar davlat organlari ochiqligini ta’minlab, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda odamlarning faolligini oshirishga xizmat qilayotgani xususida fikr almashildi.
Seminarda faxriy jurnalist Abdulla Xolmirzayev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi xodimi Mastura Ashurova va boshqalarning bosma OAVda til, uslub va tahrir, jurnalistika janrlari va ularga qo‘yiladigan talablar, gazetalarning veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlaridagi sahifalarini sifatli yuritishga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
–Shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyatimizda ommaviy axborot vositalarining o‘rni ham mustahkamlanib bormoqda, – deydi faxriy jurnalist A.Xolmirzayev. – Jurnalistlarning emin-erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bizning davrimizda bunday imkoniyatlar yo‘q edi. Biroq, bugun gazetalarni varaqlasangiz, g‘aliz jumlalarga, imlo xatolariga duch kelasiz. Vaholanki, gazeta xalqqa, elga boradi. Yoshlarni savodxonlikka undaydi. Shu bois gazeta xodimining xato qilishga aslo haqqi yo‘q. O‘quvchini chuqur mulohaza yuritishga undaydigan ocherk, reportaj, lavha, fel`eton kabi janrlarning ko‘rinmay qolayotgani ham muhim masalalardan biridir. “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari 90 yillik tarix va boy tajribaga ega nashr. Tuman va tarmoq gazetalari bu jamoa bilan ijodiy hamkorligini yanada rivojlantirsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘quv-amaliy seminarda gazeta xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berildi. Bosma ommaviy axborot vositalari o‘qimishliligini ta’minlashga xizmat qiladigan mazkur seminarni viloyatdagi tuman gazetalari tahririyatlarida ham tashkil etishga, tajribali jurnalistlar va faxriylar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazishga kelishib olindi.
Mehmonlar tahririyatda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy bosmaxonada chop etilayotgan gazetalar va sport zalini ko‘zdan kechirdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
Islom Mengliyev
(surat)