Shashti baland odamning oilasiga ham, jamiyatga ham nafi ko‘p tegadi deyishadi. Bolalikdan tanasi mehnatda qotgan Tojimurod aka ham bugun kechagi zahmatli mehnatining shirin mevasidan mamnun tadbirkor bo‘libgina qolmay, el-u xalqqa yordami tegadigan saxovatpesha insonlardan. 20 yildan ortiq yer bilan tillashgan Bandixon tumani “Xo‘jaipok-Toshkent” qo‘shma korxonasi rahbari Tojimurod akaga hammaning havasi keladi. Bu inson zahmatli mehnati evaziga shuhrat orttirgan, obro‘-e’tibor qozongan.
Mehnat faoliyatini Termiz va Qumqo‘rg‘on tumanlarida jamoa xo‘jaligi haydovchisi sifatida boshlagan qahramonimiz Bandixon tumani “Ergashbobo” fermer xo‘jaligida hisobchisi sifatida faoliyat yuritgan. 2020-yilda tumandagi qir va adirlik hududidan 18 gektar maydonda bog‘ tashkil etish maqsadida rossiyalik investor bilan hamkorlikda “Xo‘jaipok Toshkent” qo‘shma korxonasi tashkil etib, faoliyat ko‘rsata boshladi. Cho‘l sharoitida bog‘ yaratishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Buning qiyinchiligi-yu mashaqqatini Tojimurod Ergshevchalik biladigan bo‘lmasa kerak. Bugungi kunda 14 gektar adirlikni tekislash, nasos orqali suv chiqarish, suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga katta e’tibor qaratib, 9,2 ming tonna hajmdagi hovuz, 30 ming tonna sig‘imli suniiy ko‘l tashkil etgan.
Shuningdek, “Oqqopchig‘oy” kanalidan ekinlarni sug‘orish uchun tashkil etilgan hovuz va suniiy suv saqlash inshootiga suv chiqarish uchun 2 kilometr masofaga suv quvurlari yotqizilgan, 1 dona transformator, 0,6 kilometr elektr tarmog‘i tortib borilgan.
Bugungi kunda “Xo‘jaipok Toshkent” qo‘shma korxonasi uchun ajratilgan yer maydonining 10 gektarida 1300 tup bodom, 230 tup “Klapart” navli nok, 1,2 gektarda piyoz, 0,6 gektarda sarimsoq piyoz, 5 gektarda boshoqli don ekinlari ekilib, parvarish qilinmoqda. 2,5 gektar maydonda esa tadbirkor pistazor tashkil etdi.
Tadbirkor bu bilan kifoyalanmay, “Xo‘jaipok” mahallasi hududidan loyiha qiymati 220 million so‘m, shundan 1300 million so‘m o‘z mablag‘i, 900 million so‘m bank krediti asosida 100 o‘rinli davlat sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish ishlarini boshlab yuborgan.
Qolaversa, tumandagi “Xo‘jaipok” mahallasi hududida aholi tashabbusi va homiyligida qurilayotgan loyiha qiymati 3 850 million so‘m bo‘lgan “Said Ahmad” masjidi qurilishiga bosh qosh bo‘lib, 150 million so‘m, tuproq yo‘llarga hashar orqali tosh-shag‘al yotqizish ishlari uchun 70 million so‘m homiylik qilgan. Bundan tashqari, mahalladagi 15 nafar kam ta’minlangan oilaga muntazam ravishda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatib, ularning holidan xabar olib keladi.
Samarali mehnat ham, bag‘rikengligu kamtarlik ham, atrofdagilarga mehr-muhabbat ham e’tiborsiz qolmas ekan. Tojimurod aka tashabbuskor va fidoyi inson sifatida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangiliklarga intiluvchanligi, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi, aholini ijtimoiy himoya qilishi, o‘zi yashayotgan mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasidagi samarali ishlari hukumatimiz tomonidan alohida e’tirof etildi va tadbirkorlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha vakillari qatorida Tojimurod Ergashev ham davlatimizning yuksak mukofoti — «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
Bugunning ana shunday tashabbuskor, tinib-tinchimas va saxovatpesha qahramoni jamiyatga, atrofdagilarga ibrat va namuna bo‘lgulikdir. Tadbirkorning suhbatida bo‘lish, muvaffaqiyat sirlari bilan tanishish har bir yoshga, xalqimizning har bir vakiliga munosib motivatsiya bo‘lishiga shubha yo‘q. Ayni shu sababdan ham Bandixon tumani “Xo‘jaipok” mahallasidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tadbirkor — “Xo‘jaipok-Toshkent” qo‘shma korxonasi rahbari Tojimurod Ergashev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mahalla fuqarolari, maktab o‘qituvchilari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
Mahalladoshlar, eng asosiysi, yoshlar bandixonlik mehnat qahramonining mazmunli hayot yo‘li, zahmatli mehnati zamirida ona vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va farovon turmush sari ishtiyoqi yotganligini chin yurakdan his etdilar. Ibratli suhbat davomida Tojimurod akaning “Oilasi, vatani farovonligini astoydil istagan inson, albatta, maqsadiga erishadi. Dangasalik, birovning qo‘liga, yordamiga qarab yashash boqimandalikka olib keladi, xolos” degan ta’kidi, u kishining hamisha yaxshi yashashga bo‘lgan shijoatiga va bugungi erishgan yutuqlariga ko‘zgu edi.