Janubiy o‘lka bo‘lmish Surxondaryoda ekin-tikinlar qulay va issiq ob-havo sharoitida tez unib chiqib, yuqori hosil berishi siz-u bizga yaxshi ayon. Ayniqsa, fermer va dehqonlarimizning boy tajribasi, sohaga oid bilimlari ham bunda yaxshi natija berayotir. Oq oltin — paxta ham yoz oyining oxirlarida gullab, lo‘ppi-lo‘ppi paxtalarning ochilishi, kuz faslining boshlanishi bilan paxta terimi mavsumini boshlab berardi. Bu jarayon bu yil yanada tezlashayotganga o‘xshaydi. Sababi, bu yilda ob-havoning yanada issiq kelishi va agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida olib borilishi natijasida g‘o‘za ko‘saklari ochilishni boshladi.
Xususan, Sherobod tumanida tomchilatib sug‘orish joriy qilingan dalada ilk paxtalar ochildi. Yaxshi xabarlarning daragi Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi klasterlar dalalarida ham bo‘y ko‘rsatib, paxta ochila boshladi. Surxondaryo viloyati hokimi paxta dalalaridagi agrotexnik tadbirlar, g‘o‘za parvarishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tumanlarda klaster, fermer xo‘jaligi rahbarlari, soha mas’ullari va mexanizatorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvlarda faol mexanizatorlarning mavsum boshlangandan buyon qilgan mehnati, uyqusiz tunlari besamar ketmadi, ular ham munosib rag‘batlantirilib, sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ushbu tumanlar paxta dalalaridagi g‘o‘zani chanqatmasdan, sharbat usulida sug‘orish, chilpish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash, qoloq maydonlarda qo‘shimcha ozuqa va ishlov berish hamda zararkunanda hashoratlarga qarshi kurash ishlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiya va vazifalar belgilab berildi.
Sohibjamol