Ezgu ishning natijasi, samarasi o‘zini ko‘p kuttirmasligi tabiiy hol. Ayniqsa, yordamga muhtoj insonning yelkasidan tutib, uning kelajagiga umid bag‘ishlamoq, ishonch bildirmoq eng yuksak saodatdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimda tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlarining ilk kurtaklari o‘zini namoyon qila boshlagani kelajak uchun qo‘yilgan katta qadamga aylanib bormoqda. Ana shu islohotlarning zamirida Surxondaryo viloyatida sektor boshliqlari, tashkilot, idora, boshqarma va oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga yoshlar biriktirilib, bu orqali ularga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, yigit-qizlarga keng imkoniyatlar eshigini ochishdek ezgu maqsad ilgari surilgan.
Viloyat markazidan olisda bo‘lgan Bandixon tumanidagi ayrim yoshlar tongni intiqlik bilan qarshilab olishdi. Sababi, Bandixon tumani hokimi Abdumalik Allamurodov va Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ilhom Qambarov tashabbusi bilan mudofaa ishlar boshqarmasiga biriktirilgan 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh va ularning oila a’zolari uchun Termiz shahriga sayohat tashkillashtirildi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, mudofaa ishlar boshqarmasi zimmasiga 30 nafar yosh biriktirilgan bo‘lib, shulardan 20 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar hisoblanadi.
Bandixon tuman hokimligi binosi yonida kutib olingan yoshlar va ularning oila a’zolariga viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan davlatimiz rahbari boshchiligida yaratib berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida tushuntirilib o‘tildi. Termiz shahriga tashrif buyurishlari bilan ularning qadami yetgan ilk maskan al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi bo‘ldi. Maskanda din ulamolari tomonidan ziyoratgoh to‘g‘risida ma’lumotlar berilib, ularning dardiga shifo tilab, duo uchun qo‘l ochishdi. Yoshlar janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida tashkil etilgan harbiy qism muzeyi faoliyati hamda harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
— Ota-onam vafotidan keyin bir muddat mehribonlik uyida yashadim, — deydi Bandixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Jasur Bobokeldiyev. — Mehribonlik uyining faoliyati to‘xtatilgach esa akamning tarbiyasiga o‘tdim. Esimni tanib boshlaganimdan buyon harbiycha hayotda yashashni orzu qilib kelyapman. Ayniqsa, televizor orqali uzatilayotgan harbiy lavhalarni intiq bo‘lib tomosha qilardim. Bugun esa o‘sha lavhalardagi qurol-aslaha, harbiy forma, harbiycha hayot tarzini ko‘rib, o‘zim ham bir muddat shu hayotda yashagandek bo‘ldim. Qachonlardir harbiy bo‘lib, forma kiyishni o‘zimcha orzu qilardim. Bugungi ekskursiya orzuyimni maqsadga aylantirdi.
Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasiga tashrif Jasur kabi yana o‘nlab yoshlarning harbiylikka qiziqishini alanga oldirdi, kelajak maqsadlarini belgilab, boquvchisidan ajralgan yoshlar uchun bir umid uchqunini uyg‘otdi.
— Yagona maqsadim sizlarning ichlaringizdan harbiylikka ishtiyoqi bo‘lgan bolalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yo‘nalish berib borish, — deydi Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ilhom Qambarov. — Sizlar endilikda mening ham farzandlarimsizlar. Sizlarning tashvishingiz, muammoyingiz endilikda meniki hamdir.
Yoshlarga yaqindan yordam berib, ularni doimiy ravishda parvarishlab kelayotgan ota-onalarga va ularning ko‘makchilariga mudofaa ishlari boshqarmasi nomidan esdalik sovg‘alarining topshirilishi kelganlarga alohida quvonch bag‘ishladi. Tadbir davomida mehmonlar uchun yozilgan o‘zbekona dasturxon atrofidagi suhbat o‘y-xayollarni, tashvishlarni unutib ko‘ngil yozish uchun bir sabab bo‘ldi.
— Qizimning ko‘zlari tug‘ma ojiz, — deydi Bandixon tumani “Farovon” mahallasida istiqomat qiluvchi Roziya Choriyeva. — Bugungi sayohatga qizimga yo‘lboshchilik qilib otlandim. Rosti, boshida ikkilanib, istamay yo‘lga chiqqandik. Barcha tashvishlarni unutib, biroz bo‘lsa-da ko‘nglimiz yozilib ketganidan kunimiz besamar o‘tmaganiga amin bo‘ldik.
Hayvonot bog‘iga tashrif ota-onalarini boshlab kelgan yosh yigit-qizlarning qiziqishlarini yanada orttirib, bir olam zavq ulashdi.
Dildora Otaqulova