Bozor rastalarida allaqachon gilos-u qulupnaylar, o‘rik va boshqa sarxil mevalar o‘rin olganki, voha ahli yangilik sifatida xarid qilib, sevib iste’mol qilayotir. Axir Surxondaryoning issiq iqlimi, tabiati bizni ana shunday ajib ne’matlar bilan siylashiga sabab bo‘ladi.
Ayniqsa, daraxtlarda o‘rik mevasining shig‘il-shig‘il hosili bog‘bonni quvontirgani rost. Ayni hosilni yig‘ib-terish ishlari avj olgan bir paytda xalqimiz dasturxoniga tortiq etilayotir. Ortgani esa eksportga…

Termiz tumanidagi mahalliy va xorijiy qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda aholi bog‘larida pishib yetilgan o‘rik chet davlatlarga eksport qilinayotir. Jumladan, tumanning “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “SPN Humoagro” MChJning 58 gektarga ekilgan Turkiya, Italiya va Gretsiya kabi davlatlardan keltirilgan “Pretsiya”, “Rubista”, “Moyakot” kabi o‘rikning 18 turdagi ertapishar, hosildor navlari shular jumlasidandir.
Har kuni 10 tonnadan ortiq o‘riklar qadoqlanib, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda hamda mahalliy aholi isteʼmoli uchun respublikamiz bo‘ylab ichki bozorlarga chiqarilmoqda.

“SPN Humoagro” MCHJ tomonidan Termiz tumanida 30 gektar maydonda shaftoli, 58 gektarda o‘rikning hosildor navlari ekilgan bo‘lib, bu yilgi mavsum davomida o‘rikning o‘zidan 300 tonna atrofida hosil olish va chet davlatlarga 300-350 ming dollarlik mahsulot eksport qilish reja qilingan. Bu esa MCHJ tomonidan 30 ta doimiy, 300 tagacha mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishiga imkon beradi.
Surxontongi.uz