Oddiy alebastrdan qanday maqsadda foydalanish mumkin degan savolga, albatta, qurilish-ta’mirlash ishlariga-da, deya javob beramiz. Ammo, Termiz shahrida yashovchi tadbirkor va hunarmand Faxriddin Toshtemirov undan san’at asarlari yaratadi. Xonadonida bo‘lsangiz, hovlisidagi ajib yaratiqlarga ko‘zingiz tushib, mahliyo bo‘lasiz-qolasiz.
Bir qarashda oddiygina tuyilgan haykalchalarni yasash, nimanidir tasvirlash oson emas. Avvalo, hunarmand rassomchilikdan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Haykalchalarning pishiq va mustahkam chiqishining-da, o‘z sir-asrorlari bor. Hunarmand bularning barini yaxshi o‘zlashtirgani ishida yaqqol sezilib turadi.
Haykalchalar, byustlardagi nigohlar o‘tkir, tasvirlar esa nafis. Bo‘yoqlash ishlari ham san’at darajasidaki, bari bir butunlik hosil qilgandek. Mana shunday ijod ishi bilan tadbirkorlik qilib kelayotgan hunarmand buyurtma asosida ham haykalchalar va suvenirlar yasab kelmoqda. Xolbuki, ishingizda rag‘bat bo‘lsa, ijod yanada gullab-yashnaydi. Gapning indallosiga kelganda esa mahsulot reklamasi, marketingini yo‘lga qo‘yish lozim, ana shundagina ularning xaridori yanada ko‘payib, hunarmandga ilhom bag‘ishlashiga shubha yo‘q.
Surxondaryo viloyat hokimi Termiz shahrida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va korxonalar faoliyati bilan tanishish barobarida “Termiz hunarmand” oilaviy korxonasi tomonidan har xil turdagi suvenir haykalchalar yasash faoliyati bilan ham tanishdi.
Haykaltarosh tomonidan yasalgan haykalchalar, suvenir mahsulotlari ustida Faxriddin Toshtemirov bilan samimiy suhbatlashdi, muammo va takliflarini tingladi. Qisqa muddatda tadbirkor qo‘llab-quvvatlanadigan, mavjud muammolari esa bartaraf etiladigan bo‘ldi.
Hilol