San’at shunday kuchki, u ong-u shuurda paydo bo‘ladi, qalbda shakllanib, qonimizda jimirlab, tasavvurlarimizda sayqallanadi. Qarabsizki, oddiy qog‘oz va qalam, tuproq yo suv qorishmasidan, bo‘yoqlar-u, sozlarning ajib nag‘malaridan yuraklarni sel qilib, ijod tug‘iladi, dunyoga keladi. Surxondaryo viloyat ‘‘Barkamol avlod’’ bolalar maktabida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktabi-internati tomonidan “Mehnat” deya nomlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasida ana shunday tug‘ilgan san’at namunalari joy oldi. Yosh ijodkorlar, san’at yaratuvchilari oddiy tuproq va suvdan nafis san’at namunalarini yasashganki, ko‘rgazmani kezib turib, ularning mehnatiga, mahoratiga qoyil qolasiz. Mo‘jazgina haykalchalar qo‘l mehnatining ajib mahsulidir.

Ko‘rgazma davomida ko‘plab ana shunday topilmalarga guvoh bo‘lasizki, bu sizning havasingiz va hayratingizni uyg‘otadi.Gilam to‘qiydigan uskuna qarshisida esa to‘xtaysiz, sizning ham bir urinib ko‘rgingiz keladi. Urinib ko‘rasiz ham, ammo jarayonni, naqshlarni ayni davom ettirish mushkul. Ko‘zingiz qiymaydi, naqshlarni buzib qo‘yadigandek, o‘zingizni to‘xtatasiz. Demak, san’at shunchaki havas bilan tug‘ilmaydi. U qonda bo‘larmikan, iste’dod va mehnatning qorishig‘idan paydo bo‘lamikan? Ko‘rgazmada yurib, ayni shu savollarga javob izlaysiz.
Tomoshadan zavq olib, ushbu namoyishni farzandlaringiz, yaqinlaringiz-da ko‘rishlarini istaysiz. Chunki ular ham mana shunday mehnat va ijod mahsullarini tomosha qila turib, san’atning u yoki bu qirralarini o‘zlarida kashf etishar, san’atga oshno bo‘lar. Shu tariqa yangidan-yangi iste’dodlar yuz ochsa yomonmi? Tomosha qilish uchun esa hali vaqt va imkon bor. Sababi, “Mehnat” nomli ijodiy ishlar ko‘rgazmasi 17-21-aprel kunlariga qadar hududiy “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bo‘lib o‘tishi reja qilingan.
Sohibjamol