Kunlar sovisa-da, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishga bo‘lgan harakatlar to‘xtamaydi, qaytamga avjiga chiqadi. Sababi, yilning to‘rt fasliga-da, tuprog‘idan zar unadigan go‘shada istiqomad qilamiz. Kaftekkina yerdan tortib, gektarlab maydonlargacha bugun issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, fermer va dehqonlar qishloq xo‘jaligidagi boy bilim va tajribalarini ishga solib, yerga urug‘ qadab, ko‘kartiradilar. Tonnalab hosil olib, daromad ko‘radilar. Ob-havo haroratining tushishi esa har qanday dehqonni biroz sergaklantirib, qish g‘amini yeyishga, kerakli taraddudni ko‘rishga undaydi.
Eng asosiysi, issiqxonalarda ekin uchun kerakli harorat, ya’ni issiqlikni saqlab turish kerak. Elektr isitish pechlari xavfsizlik jihatdan o‘zini oqlamasa, ko‘mir orqali isitish vaqt talab etadi. Mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni o‘ta muhim. Bu nafaqat o‘sha tadbirkor uchun, balki O‘zbekiston oziq-ovqat ta’minoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Hududgazta’minot” AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin. Shu kabi holatlar inobatga olinib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berilgan.
Umid qilamizki, issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun qisqa muddatlarda zarur sharoitlar yaratiladi.
Sohibjamol