Osoyishtaligimiz posbonlari sharaflandi

Date:

Ko‘ngil xotirjamligiga nima yetsin? Tinch-osoyishta hayot tarzi ta’minlangandagina ertangi kunimiz qanaqa o‘tishini emin-erkin rejalashtiramiz, oldimizga maqsad qo‘yamiz-u unga qarab intilamiz. Talon-toroj, o‘g‘rilik, bezorilik bo‘lib yotgani qayda-yu, bobo-momolarning duosi jarang sochgan, bolalarning sho‘x-shodon kulgusi yangragan yurt qayda? Bunday go‘shada quyosh nuri ham o‘zgacha; yanada yorqinroq, yanada issiqroq. Bular haqida o‘ylay turib, mukammal yashash sharoitini yaratish yo‘lida tun-u kun xizmatda bo‘layotgan ichki ishlar organlari xodimlarini e’tirof etmaslikning esa sira iloji yo‘q.

25-oktyabr — Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan mo‘jazgina San’at saroyi binosining old tomonida ulug‘vorligi kishini hayratda qoldiruvchi maxsus texnikalar saf tortib turibdi. Saroyga kiruvchi yo‘laklar bayram ruhiga mos ravishda ko‘rgazmalar bilan bezatilgan. Karnay-surnay kuy-navolari taralib, raqqosa qizlar xirom aylagan holda qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mehmonlarni ichkariga chorlamoqda. Binoning ichiga tashrif buyurishingiz bilan esa ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xodimlari xizmat kiyimida qurol-yarog‘ namoyishi o‘tkazishayotganiga ko‘zingiz tushadi.

Dilda faxr va g‘urur tuyg‘usi ila ko‘krak kerib yashash aynan ularga xos va mos. Sababi, tizim vakillari buyuk Temur avlodlari, Bobur-u Manguberdi davomchilari.

—O‘z hayotini fuqarolarning tinchligi va osuda hayoti, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan siz azizlar bilan ichki ishlar organlarining tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 25-oktyabr —Ichki ishlar xodimlari kuni bayramini nishonlab turibmiz, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov. — Fursatdan foydalanib, sizdek faxriylarni, xizmat safari chog‘ida halok bo‘lgan fidoyilarning oila a’zolarini, hozir tadbirda ishtirok eta olmay, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan barcha ichki ishlar xodimlarini chin yurakdan samimiy tabriklayman.

O‘tgan davrda viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida 7.5 milliard so‘m mablag‘ evaziga viloyat ichki ishlar boshqarmasining Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining yangi binosi, 5 milliard so‘m evaziga qurilgan yangi yashash va uy-joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi topshirilgan edi. Kuni kecha kasb bayrami arafasida qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga Qumqo‘rg‘on, Denov tumanlarining ichki ishlar bo‘limining yangi binolarini hamda Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining yopiq tipdagi zamonaviy sport majmuasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Keyingi yillarda tizimning tubdan yangilanayotgani quyi bo‘g‘inlarda ham o‘z izlarini namoyon qilmoqda. Bu yo‘nalishlarga qaratilayotgan e’tibor ham yurtimizda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning 9 oyida viloyatda 3300 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash asosida olib borilgan ishlar natijasida 311 ta mahallada jinoyat sodir etilishining oldi olindi. Mahallalarning o‘zida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishni yanada kuchaytirish maqsadida vaziyat og‘ir bo‘lgan 30 ta mahalla huquq-targ‘ibot maskanida hamda 25 ta mahallada ko‘chma konteynerlar yordamida huquq-tartibot maskanlari tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Raqamli texnologiyalarni jalb etgan holda ichki ishlar boshqarmasi binosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan “situatsion markaz” tashkil etilib, unga 342 ta videokuzatuv moslamalari va 24 ta “tashvish tugmachalari” integratsiya qilindi. 

      Dunyoning ko‘plab davlatlarida turli nizolar, notinchliklar yuzaga kelib turgan bir paytda vatanimiz jinoyatchilikdan holi tinch-osoyishta mamlakatlar qatoridan o‘rin olib turgani ham ichki ishlar xodimlarining xizmati tufayli. Viloyat hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni tezkor yo‘llar bilan fosh etish, namunaviy jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, viloyat hududida o‘tkazib kelinayotgan ommaviy, madaniy va siyosiy tadbirlarda tinch va barqarorlikni ta’minlashdagi xizmatlari uchun hamda bayram munosabati bilan sohaning bir qator vakillari faxriy yorliqlar, shu bilan birga esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

    O‘z hayotini el-yurt tinchligi yo‘lida bag‘ishlagan tizim vakillari mehnati har doim, har qadamda tahsinga loyiq. Mustaqillikni mustahkamlash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish ichki ishlar xodimlari zimmasidagi mas’uliyat. Bayram munosabati bilan 1 nafar xodim “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan, 11 nafar xodim 1-, 2-, 3-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari bilan, 1 nafar xodim ichki ishlar xodimining faxriy yorlig‘i bilan, 2 nafar xodim esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Surxondaryo viloyati Boysun tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Odilbek Saitov “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanishi barcha uchun quvonarli holga aylandi.

  Bayramni bayram, kechani kecha demay xizmat qilayotgan kasb egalarini har qancha hurmat qilib, ko‘klarga ko‘tarsa arziydi. Viloyat madaniyat boshqarmasi xonandalari ishtirokida o‘tgan konsert dasturi barchaga kayfiyat ulashib, qalblarga orom bag‘ishladi.

Dildora OTAQULOVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi oliygoh ish boshladi

O‘zbekiston mustaqil, demokratik davlat sifatida o‘z dunyoviy va diniy...

20 nafar yoshga 50 sotixdan…

Bugungi kunda ishsizlik muammo emas. Yurtimizda ishsizlar bandligini ta’minlashning...

Kuniga 50 tonna…

“Temirxotin” filmini ko‘p bor tomosha qilganmiz. O‘sha yillar uchun...

Shartlar o‘zgardi

Albatta, kredit barcha muammolarga munosib yechim va ish boshlovchilar...
KunTun
KunTun