Yolg‘izlikdan hayiquvchi, qo‘rquvchi jonzotmiz. Agar, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa e’tibor bersangiz, u yonida kimdir bo‘lgandagina o‘zini himoya ostida his qiladi, sokin orom oladi. Onasining bag‘riga talpinadi. Ulg‘aygach ham inson dard-u hasratini bo‘lishguvchi, ichki sirlarini oshkor aytguvchi, ishonish mumkin bo‘lgan bir shaxs qidiradi. Butun hayotini u bilan bog‘lashga umid qiladi. Ammo, ezgu o‘y-fikrlar bilan kirgan yo‘lda adashish hech gap emas. Bundan-da yuksakroq fojia bo‘lmasa kerak, aslida.
Sherobod tumanida oila qurib, baxtli hayot kechirishni orzu qilgan qizning niyatlari sarob bo‘lib chiqdi. Uylanishini aytib, faqat hozirda ba’zi muammolari mavjudligini pesh qilgan “yigit” qizdan katta miqdordagi pulga teng keluvchi buyumlarini olib, unga va’dalardan qanot bag‘ishlab yurdi. Qiz esa yigitning yolg‘on gapirayotganini payqab, 5-oktyabr kuni Sherobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhiga murojaat qilib, shu tumanda yashovchi D.Javohir 2019-yildan hozirgi kunga qadar unga uylanishini aytib, jami 100 million so‘mlik buyumlarini o‘zlashtirib ketganini bildirdi. Hech bir ish jazosiz qolmasligi tayin. Holat yuzasidan shu kuni Javohirga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Har bir hayot o‘zga bir kitob, har qanday hodisa ibrat bo‘lgulik. Bu kabi holatlarning guvohi bo‘la turib, ishonishimiz mumkin bo‘lgan yaqinlarimiz borligidan quvonamiz. Firibgarlarning nayranglaridan esa ehtiyot bo‘lishimiz kerakligini o‘zimiz uchun eslatma sifatida qabul qilamiz.
D.Otaqulova