Termizda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyining yangi binosining foydalanishga topshirilishi tantanali marosimga ulanib ketdi. Imtihonlardan saralanib, harbiy-akademik litseyning o‘quvchisi bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lgan alp yigitlar egnilariga yarashgan harbiylik libosida saf tortishgan. Marosimda o‘quvchi-yoshlar quvonchiga sherik bo‘lish maqsadida ularning ota-onalari, yaqinlari, pir-u badavlat nuroniylar va iste’fodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar, harbiy akademik litsey o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari T.Bobolov hamda Davlat Xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor S.Xusanovning tashrifi ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Tantanavor kuy-qo‘shiqlar, harbiy xizmatchilar tomonidan taqdim etilgan jangovar ko‘rgazmali chiqishlar, hayqiriqlar kishini ta’sirlantirmay, sohaga qiziqish bilan bir qatorda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmay qolmaydi. Qiziqarli kontsert dasturi namoyish etildi. So‘zga chiqqanlar Vatanimiz suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir Milliy armiyamiz shakllanganini ta’kidlashdi. Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar esa “Xalq va armiya – bir tan-u, bir jondir”, degan ezgu g‘oya asosida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor tinch, to‘kin Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qilayotganini qayd etishdi.

Shuningdek, marosim bahona muhtasham binoni barpo etgan quruvchilar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Litseyning bilimli va iqtidorli o‘quvchilari bo‘lmish Muhammadjon Eshmuradov va Jasurbek Ro‘ziyevning o‘tgan o‘quv yilini muvffaqiyatli tamomlab, erishgan yutuqlari munosib rag‘batlantirilib, ularga “A’lochi o‘quvchi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan harbiy maktablar va harbiy-akademik litseylar munosib insonlarni, haqiqiy Vatan himoyachilarini tarbiyalashda, kamolga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda aytish joizki, ushbu ta’lim muassasalari yoshlarni harbiylikka qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotir.

Foydalanishga topshirilgan ushbu ta’lim muassasasi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uni qurish va jihozlash uchun 62,5 milliard so‘m mablag‘ sarf etilgan. Asosiysi, barcha shart-sharoitlar yaratilgan ta’lim dargohida o‘quvchilar munosib tehsil oladi. Keng, yorug‘ va shinam o‘quv hamda mashg‘ulotlar xonalari, fan kabinetlari, laboratoriyalar zamonaviy usulda jihozlangan. Barcha qulayliklarga ega yotoqxona, oshxona, sport zal, sport maydoni esa foydalanishga shay holatda. 10 ming 460 dan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy xonalarda dars mashg‘ulotlarini tayyorlash bilan birga mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin. Ushbu dargohda yoshlarni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsad qilingan. Yaratilgan sharoit va qulaylik, tajribali pedagog-mutaxasislarning jalb etilishi yoshlarni intellektual va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash xizmat qiladi.
Ayni paytda 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan akademik litseyda joriy imtihondan ularning 100 nafari jismoniy, psixologik va yozma ish hamda davlat test markazining sinovlari orqali qabul qilindi. O‘quvchilarga aniq va ijtimoiy fanlar chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi.

Mamlakatimizda yosh avlodni chegara xizmatiga qiziqtirish va ularning Vatan himoyasiga doimo shay turishi uchun uch bosqichli kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq yurtimizning chegara oldi hududlarida “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etilib, ular bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ikkinchi bosqichda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida tajriba va mahorat oshirayotgan bo‘lsa, uchinchi bosqichda Amir Temur nomidagi DXX va Qurolli Kuchlar akademiyalari hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyati yaratilgan.

Tantanali marosim yakunida esa tadbir ishtirokchilari ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishib, farzandlarimiz uchun hozirlangan imkoniyatlardan quvonishdi.
– O‘g‘lim Ulug‘bekning ayni shu litseyda o‘qish ishtiyoqi uni Navoiydan Surxondaryoga uchirma qildi. orzu va maqsadlarini qo‘llab-quvvatladik. Harakatlari, bilimlari bildirilgan ishonchni oqladi va u bugun ko‘plar qatori harbiylik libosida saf tortganlar qatorida turibdi. Bizga bundan ortiq baxt, quvonch yo‘q aslida. O‘g‘limning kelajagidan umidim katta. Ushbu ta’lim dargohini tamomlab, Vatan xizmatiga kamarbasta o‘g‘lon bo‘lib yetishadi, – deydi navoiylik Baxtigul Normamatova.
Litseyda ilk mashg‘ulotlar “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzuiga bag‘ishlangan darslar bilan boshlandi.
O‘z muxbirimiz