“33 million so‘m kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi”

Date:

Turizm — davlatni dunyoga tanitadigan, qolaversa, mo‘may daromad keltiradigan soha. Yurtimizda ham turizm sohasiga e’tibor yil sayin kuchaymoqda. Bu yo‘lda amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga molik, albatta. Ichki va tashqi turizm ravnaqiga o‘ziga xos ulush qo‘shib kelayotgan Sangardak qishlog‘ini bevosita Turizm qishlog‘i deb atash mumkin.

Tog‘lar bag‘ridagi mo‘jazgina qishloq, tog‘ havosi, ayniqsa, tog‘dan-tog‘ga urilib, ajib manzara kasb etib oqayotgan Sangardak sharsharasi nafaqat turistlarni, balki yurtimiz ahlini-da o‘ziga maftun etgan. Shu sababdan yil bo‘yi qishloqda tomosha istab, dam olishni ko‘ngliga tugib keladiganlarning qadami uzilmaydi.
Kelgan borki, osmonlarga tutashib ketgan mahobatli qoyalarga mahliyo bo‘ladi. Tog‘ havosidan to‘yib-to‘yib nafas oladi. Sharsharaning kamalakdek tovlanishi esa o‘zga bir taassurot. Bu qishloq insonni boshqa bir dunyoga eltgandek bo‘ladi. Ha, bu sayohat kishini ruhan tetiklashtiradi, charchoqlarini chiqaradi.
Demak, Sangardakda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, qulay muhit yaratish bugungi davr talabi va zaruratidir. Oilaviy mehmon uylari, dam olish zonalarini kengaytirish, savdo va ovqatlanish shaxobchalarini tashkil etish lozim. Turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni, mahalliy aholining fikriga, maqsad va g‘oyalariga quloq tutish muhim. Ayni shu maqsadda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlog‘ida bo‘lib, turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Tegishli tashkilotlar mutasaddilari jam bo‘lgan qabulda murojaatlar, muammo va takliflar tinglandi.
Muloqotda tadbirkorlar qator muammolarni o‘rtaga tashladi. Eng muhim masalalar sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit olish, ekoturistik yo‘nalishlar tashkil etishda yer maydoni ajratish, mehmon uyi ochishga amaliy yordam berish, noturar joylarga soliq imtiyozlari qo‘llash kabilar bo‘ldi.
Xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun uyining bir qismini mehmonxonaga aylantirgan “Sardorbek” oilaviy mehmon uyi rahbari G.Qorayev yanada qulay sharoit yaratish maqsadida kredit mablag‘iga ehtiyoj sezayotganini ma’lum qildi. Murojaat joyida yechim topdi. Hokimning mahalladagi yordamchisi ko‘magida 33 million so‘m kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari J.Shomurodov mehmon uyi ochishda, tadbirkor N.Bekmirzayev hududni sanitariya-gigiyena talablariga mos saqlash uchun qishloqqa maxsus chiqindi tashish texnikasi ajratishda yordam so‘radi. Bu murojaatlar ham joyida muhokama etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sayyor qabul davomida o‘ndan ortiq murojaat va takliflar tinglandi. Ularning aksariyatiga joyida yechim topildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar uchun aniq muddat belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabul bahonasida mutasaddilar hududda faoliyat yuritayotgan oilaviy mehmon uylarida, xizmatlar ko‘rsatish shaxobchalarida sayyohlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Sohani yanada rivojlantirish, xizmat turlarini kengaytirish, yaxshilash, albatta, kelgusida sayyohlarni o‘ziga yanada jalb qiladi.

S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qashqadaryolik jurnalistlar Termizda

Har bir fuqaro saylash va saylanish huquqiga ega. Joriy...

O‘qituvchi maoshini o‘zi belgilaydi

O‘qituvchi-pedagoglar qadr topib, ular uchun barcha shart-shaoitlar yaratildi. Maqsad...

Loyihalar va taqdimotlar bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq...

Marburgga qarshi choralar kuchaytirildi

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrika qit’asidagi Ruanda davlatida Marburg...
KunTun
KunTun