Talabalik baxtiga erishishni niyat qilgan borki, ko‘nglida hayajon bilan Termiz davlat universiteti ostonasidan shahdam qadamlar ila odimlayapti. Joriy yilning 3-avgustidan 2022/2023-oʻquv yili uchun Dizayn (milliy kostyum) hamda Sport faoliyati (kurash) taʼlim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Jarayonni kuzatish maqsadida keng jamoatchilik vakillari, deputatlar, OAV xodimlari, blogerlar taklif etilgan.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan abiturientlar maxsus sport kiyimida sport faoliyati (kurash) taʼlim yoʻnalishida imtihon topshirish uchun oliygoh stadionida jam bo‘lishdi. Guruhlarga bo‘lingan holda normativlarni topshirish boshlandi.
Birinchi navbatda 30 metrga yugurishdi. 4:0-5:7 soniyada finish chizig‘iga yetib kelish belgilangan. Abiturientlar birinma-ketin yugurishar ekan kim o‘zarga bellashishayotgandek, belgilangan masofani zumda bosib o‘tishdi. Birinchi guruhda 4:4 soniyada yetib kelgan Azamat Abduraimov tezlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
— Qishloq sharoitida har bir yumush jismoniy tayyorgarlikni oshirib boradi, — deydi jarqo‘rg‘onlik A.Abduraimov. — Qishlog‘imizda to‘y-hasham, bayram va sayllarda kurash tushib, ko‘pkarida ot choptirib yurganimning foydasi tegdi deb o‘ylayman. Qolaversa, 1 yil davomida tayyorgarlik ko‘rdim. Har doim 1 kilometrga yugurardim-u, hech qisqa masofaga yugurib tayyorgarlik ko‘rmagan edim. Avvaliga qo‘rqdim. Uzoq masofada avval sekin yugurishni boshlab, yugura-yugura tezlikni oshirib, kuchimni teng sarflashga harakat qilardim. 30 metr masofada esa sportchidan tezlik talab qilinadi. Albatta, yugurish texnikasiga ham amal qilish shart.
Keyingi shartlarda talabalikka da’vogar yoshlar tanalarini qizdirib olish maqsadida turnikka tortildi, anjimaniya qilib, o‘zlarining jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Oxirda esa kurash boshlandi. Imtihonga mas’ul mutaxassislar kurash qoidalarini tushuntirib, birma-bir kurashchilarga navbat berdi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, kurash tushayotgan o‘g‘il-qizlar shunchaki havaskorlar emas, suyagi kurashda qotgan, kurash usullarini yaxshi o‘zlashtirgan polvonlar deyish mumkin. Kurashda ishlatilgan usullarning bajarilishiga mos ravishda “chala”, “yonbosh”, “halol” baholari, qoidaga zid harakatlarga esa “dakki”, “g‘irrom” jazolari berildi. “Halol” bahosi g‘alabani anglatsa, g‘alabaga yetaklovchi “chala” baholari ham hisobga olib borildi. Hakamlarning umumiy baholari esa imtihon natijalari e’lon qilinganda ma’lum bo‘ladi.
Imtixon olish uchun mas’ullar respublikamizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalaridan tanlab olingan. Har bir normativ shaffof va xolislik tamoyillariga asoslangan holda o‘tkazilyapti.
Kasbiy imtihon nafaqat abiturientlarni, balki ularning yaqinlari, ota-onalarini ham birdek hayajonga solyapti. Ular ham farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliygohga tashrif buyurishgan. Ota-onalar uchun maxsus auditoriya hozirlangan. Ular barcha shart-sharoitlar yaratilgan, salqin xonada o‘tirgan holda farzandlarini qay tartibda imtihon topshirayotganini maxsus kuzatuv kameralaridagi lavhalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib turishibdi.
—To‘rt o‘g‘lim bor. Ular turli sohalardan ketishdi. Ammo, kenjamni polvon bo‘lishini istadim. Ota-bobolarimiz polvon o‘tgan. Men ham davralarni bermay kurashdim. Qonimizda polvonlik jo‘sh uryapti. Kenjam Samandarni ham 4 yoshidan o‘zim mashq qildirdim. Suyagi qotmasidan chiniqsa, kuragi yerga tegmaydi-da. Shu paytga qadar ko‘plab musobaqa va tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi. Nokamtarlik bo‘lsa ham yashirmayman, Samandar kurashni yaxshi o‘zlashtirgan. Yelkadan oshirishni, yonboshdan ko‘tarib otishni boplaydi, — deya Oltinsoy tumanidan kelgan O‘ktam Qahhorov o‘g‘liga katta ishonch bildirsa, sherobodlik Feruza Mamanazarova ham qizi haqida shunday deydi:
Qizim E’zoza yoshligidan qo‘liga qog‘oz va rangli qalamlar, bo‘yoqlar olib turli liboslar chizishga qiziqardi. Ulg‘ayib ham bu qiziqish uni tark etmadi. Dizayner bo‘lishga qat’iy ahd qilgan. Bir yil tayyorlandi. Mana hozir ijodiy imtihon topshiryapti. Berilgan topshiriqni udda qilib talaba bo‘lishiga ishonaman.
Sport maydonida sport faoliyati (kurash) taʼlim yoʻnalishi bo‘yicha yoshlarning maxsus texnik mahorati sinovdan o‘tkazilayotgan bir paytda, universitetning o‘quv binosida dizayn (milliy kostyum) taʼlim yoʻnalishida ijodiy imtihonlar avj pallada. Tanlangan mavzu bo‘yicha ijod boshlangan. Abiturientlar qo‘llariga mo‘yqalam tutgancha, berilgan topshiriqni udda qilishga kirishishgan. Ular tanlagan mavzudagi kiyimlar to‘plamining dizayni, ranglari bir butunlik kasb etgan. To‘g‘ri, bu ishda endi qo‘’lari kelishishni boshlaganlar ham bor. Ammo, ba’zi chizgilarning o‘ziga xosligini, yangilik va topilmalarga boyligini kuzatish mumkin. Milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan loyihalar ham kishi e’tiborini tortmay qo‘ymaydi. Asosiysi abiturientlar o‘z ishiga qunt bilan san’at darajasida yondashganki, butun borliqni unutib ishga sho‘ng‘igan.
Kunning ikkinchi yarmida birin-ketin kasbiy (ijodiy) imtihonlar yakunlana boshlagach, yigit-qizlar mamnun holatda imtihondan chiqib kela boshladi. Kelgusida esa ularni test sinovlari kutadi. Ishonamiz ular, albatta, talaba bo‘lishadi va o‘z sohalarining mohir va yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishadi.
S.Allayeva