Bir guruh volontyorlar yoshi ulug‘ buvijonni yo‘qlab borishganida, xursandchiligini yashira olmay: Volontyorlar haqida 3-4 yil avval eshitganini, Surxondaryoda bunday ko‘ngilli yoshlar borligini bilmaganini aytib, yuz-ko‘zlaridan tabassum arimayotgan o‘g‘il-qizlarni uzundan-uzoq duo qilgandi. Ha, volontyorlar ana shunday duolardan, insonlarning tabassumidan, quvonchidan kuch oladi.

Volontyorlar maktabi tashkil etilganiga ham bir yil to‘ldi. Maktab ikkinchi mavsum bitiruvchilarni uchirma qilib, amalga oshirgan ezgu tashabbuslarini sarhisob qildi. Bu sarhisob Surxondaryo volontyorlari haftaligi doirasida tashkil etilgan Volontyorlar festivaliga ulandi.
Yoshlar markazining hovlisida tashkil etilgan festivalda 200 ga yaqin volontyor yosh, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Festival volontyorlarning chiqishlari, bayram dasturi bilan boshlandi. Volontyorlarning an’anaviy raqsi ijro etildi. Ijroga tomosha kelganlarning-da qo‘shilib raqs tushgani ko‘rgan ko‘zni quvontirishi aniq.
3-sinf o‘quvchisi muzrabotlik Mansurbek “Eng yosh volontyor” nominatsiyasi bilan taqdirlangan bo‘lsa, “Eng yaxshi volontyor” nominatsiyasida Termiz davlat universiteti talabasi Mohinur Oltiboyeva munosib ko‘rildi.
“Eng yaxshi mentor” esa Kamola Mingturayeva bo‘ldi. Volontyorlar uchun mentor atamasi yaxshi tanish bo‘lishi aniq. Volontyorlarga ma’lum bilim va ko‘nikmalarni beruvchi mutaxassis mentor nomi bilan yuritiladi. Kamola Mingturayeva 11-sinf o‘quvchisi, yosh bo‘lishiga qaramay, faolligi, tashabbuskorligi sabab o‘tgan yili 5 nafar yosh safida Jizzax viloyatiga borib, o‘quvlarda o‘qib qaytgan edi. Yosh mutaxassis bir yil davomida o‘zidan katta yoshlarga-da, volontyorlik sirlaridan saboq berdi.

— Volontyorlik — bu boshqalarni o‘ylovchi, ularning baxt-saodati, manfaati uchun fidokorona xizmat qiluvchi, shu bilan birga ixtiyoriy, beminnat, beg‘araz, ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat, — deydi K.Mingturayeva. — Volontyorlik faqatgina qog‘ozda mavjud bo‘lgan oddiy loyiha emas. Bu nafaqat turli shaharlardan, balki turli mamlakatlardan va butun qit’alardan odamlarni birlashtiradigan, dunyo miqyosidagi eng yirik ijtimoiy loyihalardandir. Harakatimiz amalga oshirgan ishlarimiz bilan to‘xtab qolmasligi kerak. Shu maqsadda 3 kun avval Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig’i J. Choriyev tomonidan volontyorlar haftaligi doirasida ochiq muloqot tashkil etildi. Bu muloqot jarayonida biz volontyorlar o‘zimizning taklif va munosabatlarimizni bildirdik. Eng muhimi harakatimiz kengayadigan, surxondaryolik volontyorlar vohaning chekka-chekka hududlarigacha kirib boradigan bo‘ldi.
Volontyorlar maktabi tashkil etilganiga hali ko‘p muddat bo‘lmagan esa-da, Surxon xalqi yosh volontyorlarni yaxshi tanishadi. Ularning tashrifini ko‘riboq yorug‘ yuz bilan kutib olib kuzatishadi. Sababi volontyorlar maktabi o‘quvchilarining qadami yetgan joy borki, ko‘ngillarga bir olam quvonch, shodlik ulashadi. Volontyorlarga xayrixoh homiy tashkilotlar, sahovatpesha insonlarning xizmati va himmati bu yo‘lda eng katta yordam. Ammo, volontyorlar “yordam qandaydir mablag‘ evaziga beriladi” degan g‘oyani jamiyat ong-u shuuridan chiqarib tashlashga urinadi. Haqiqiy volontyor ko‘ngillarga ezgulik urug‘ini ulashishga urinadi. Mehr va e’tibor bilan shod etadi. Turli o‘yinlar, bayram dasturlari orqali bolajonlarga quvonch ulashsa, xonadonlarga borishganida uy yumushlari deysizmi, ekin-tikinmi, imkoni yetgan yaxshiliklarni qilishga ahd qilishgan. Avvaliga shubha va xavotir bilan qaraydigan, ta’ma ilinjida kelgan degan o‘yda bo‘lgan odamlarning bema’ni xavotiri nihoyat arigdi. Dunyoda savob ilinjida, beminnat yaxshilik qiladigan insonlar borligini yosh volontyorlar ko‘rsata olishdi.
Ayni shunday harakat ostida bir yil davomida 5 nafar talabaning to‘lov shartnoma puli to‘lab berilgan bo‘lsa, 8 ta xonadon ta’mirlanib, uylari obod bo‘ldi. Viloyat bo‘ylab yoshlarga sovg‘a-salom, kitoblar ulashishda ham ayni shu volontyorlar bosh bo‘lganini ko‘rgansiz. Ehhe, volontyorlar amalga oshirgan ishlarni aytsak, asti nihoyasiga yetib bo‘lmaydi. Haftada bir kun o‘qib, bir kun xayriya ishlari ila band bo‘lgan o‘g‘il-qizlar voha ahliga mehr-oqibat ko‘tarilmaganini, chin insoniy hislatlar hali-hamon yashayotganini ko‘rsatyapti.
Sayyora NORMURODOVA