Ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida ta’lim sifatini yangi darajaga olib chiqish, salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash g‘oyasi mujassam. Demak, yoshlarning har tomonlama yetuk bo‘lib yetishishi muhim va dolzarb masala. Ular faqat va faqat bilim olishga, shaxs sifatida kamolga yetishga e’tiborlarini qaratishi zarur. Ularni chalg‘itadigan, ko‘zlangan maqsaddan og‘ishtiradigan sabab va jihatlar bo‘lmasligi kerak. Ana shunday sabablardan biri boshqalardan ajralib turish, kiyinishda o‘ziga xoslik yaratishga intilish kabi omillar deb keltirish mumkin. Afsuski, bu jihatlar bilim olishga salbiy a’sir ko‘rsatishi olimlar tomonidan ilmiy jihatdan isbotlangan. Shundan kelib chiqib, yagona maktab formasi joriy etishni davrning o‘zi talab etadi. Bu tajribani qator rivojlangan mamlakatlarda sinab ko‘rilganini yaxshi bilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-maydagi 271-son qaroriga asosan yangi 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish belgilangan. Bu, albatta, o‘quvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilishlari, ijtimoiy tenglikni ta’minlashlari uchun ham ayni kerak bo‘lgan tartib deyish mumkin.

Maktab formasi bir kunda qaror qabul qilinadigan masala emas. Bu o‘rganish va tahlillar, sinov va tajriba talab etadigan jarayon. 2018-yildan buyon amaliyotda sinalib kelinayotgan maktab formasining dizayni bir necha variantlar orasidan tanlanib, sanitariya qoidalari va gigiena normativlariga mosligi bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari uchun belgilangan sifat talablariga muvofiqligi qat’iy nazoratga olingan.
Keng jamoatchilik tomonidan maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etilishi muhokamaga qo‘yilgan va turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Shundan kelib chiqib, yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Ya’ni, yangi o‘quv yili 2022-yil sentyabr oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi. Qolaversa, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari ma’n etilmaydi.
O‘quvchi-qizlarning maktab formasida tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan.
Maktab formasini aynan biror tadbirkordan (korxonadan) xarid qilish maktab ma’muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hilol