Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bolalik kelajak sari qo‘yilgan eng buyuk qadamdir. Shu sababli ham bolalikning oltinga teng damlarini aslo boy berib, havoga sovurib bo‘lmaydi. Shu maqsadda mamlakatimizda mana bir necha yildirki yosh avlodni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirish, ularning yashirin iste’dodini go‘yoki dengiz tubida yashirinib yotgan gavhar singari yuzaga chiqarish, iqtidorlarini namoyon qilishlari yo‘lida ham sahna, ham minbar, ham keng imkoniyat bergan turli xil tanlovlarning o‘tkazib kelinayotganligi jamiyatimizning yutug‘i deyishga asos bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali fikrimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Kamalak yulduzlari – 2022” bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi barcha ishtirokchi va tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi Termiz shahridagi “Yoshlar markazi” binosi hamda 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida davom ettirildi. 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ijodkor bolalar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha yakka hamda jamoaviy tarzda ishtirok etdilar. Festival bellashuvlari qizg‘in raqobat va do‘stona ruhda o‘tdi. Jajjigina o‘g‘il-qizlar ijrosidagi qo‘shiq va raqslar tomoshabinlar tomonidan qarsak hamda olqishlar bilan qo‘llab turildi. Ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarning tasviriy san’at bobidagi iste’dodiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Kelajakda ulardan mashhur rassom Ro‘zi Choriyev singari mohir san’at namoyandalari chiqishiga umid qilsa bo‘ladi.
Festival nizomida belgilangan tartibga ko‘ra 6 ta yo‘nalish hamda 2 ta yosh toifasi bo‘yicha ishtirok etish uchun jami 9710 nafar ishtirokchidan arizalar qabul qilingan edi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalida o‘z hududlarida g‘olib bo‘lgan 220 nafar ishtirokchi festivalning viloyat bosqichida ishtirok etishdi. An’anaviy, akademik va estrada xonandaligi, fol’klor va xor jamoalarining badiiy chiqishlari tomoshabin va hakamlar hay’atining hayratiga sabab bo‘ldi. Zero hali dunyoni yaxshi tanib ulgurmagan murg‘ak bolajonlarning san’at sohasida erishayotgan yutuqlari tahsinga loyiq. “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 18 nafar ishtirokchi respublika laureatligiga tavsiya etildi. Ular orasida “Bo‘zatov-fest-2022” g‘olibi Sadoqat Abduraimova ham bor.
Festivalda ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 54 nafar ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
X.TOG‘AYMURODOV