Har bir islohotning ijrochisi insondir. Shuning uchun mamlakatimizda odamlarning salomatligini mustahkamlash, ularning umrini uzaytirish, kasalliklarini erta aniqlash, bemorlarni zudlik bilan xastaliklardan xalos etishning izchil choralari ko‘rilayapti. Inson manfaati va ularning ijtimoiy himoyasi ustuvor bo‘lgan davlatimizda aholining salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish Prezidentimizning eʼtibori va diqqat markazida bo‘lib kelapyati.
O‘tgan besh yil ichida aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, respublika sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda markaziy shaharlar va olis qishloqlarda yashovchi yurtdoshlarimizga birdek malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal etishda tibbiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan esa har bir fuqaro xabardor.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 31 yil bo‘layotgan bo‘lsa, shu vaqt mobaynida birinchi marta davlat rahbari sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda soha xodimlari fikrini eshitdi, tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muammolar yechimiga oid 10 ta farmon va qaror qabul qilindi.
Prezidentimiz va hukumatimizning sohaga oid beqiyos g‘amxo‘rligi hamda boshlangan islohotlar Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ham keskin burilishlar yasalishiga, yangi va zamonaviy shifoxonalar qurilishiga, ular eng so‘nggi rusumdagi tibbiyot apparatlari va uskunalari bilan jihozlanishida o‘zining ijobiy samarasini berayapti.
Bugun viloyatdagi shifoxonalarning o‘zida mamlakatimizning markaziy shaharlaridagi nufuzli davolash muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan markazlarning eng tajribali vrachlari va xorijiy davlatlardan, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan malakali mutaxassislar jalb qilinib, murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilayotganidan elimiz ham xabardor, ham minnatdor. Bularning barchasi Prezidentimizning xalqimiz salomatligini tiklash yo‘lida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari mevasidir.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-iyundagi “Аholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha viloyatimizdagi tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda ijobiy ishlar qilinayapti. Belgilangan rejaga asosan 2022-2025-yillar orasida tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash nazarda tutilib, shu yilning o‘zida viloyatimizdagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga 67 ta yangi rusumdagi maxsus avtotransport vositalari keltirildi. Bu esa xalqimizning salomatligini tiklash, dardga chalinganlarga tez tashxis qo‘yish va kasalliklarini aniqlash, o‘z vaqtida muolaja qilish, ayniqsa, olis qishloqlardagi aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz raisligida 2022-yil 17-iyunida bolalar onkogemotologiyasi tizimi hamda onalik va bolalikni muhofaza qilishni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida vohamizda faoliyat yuritayotgan tizim tashkilotlarida ham bir qator ijobiy ishlar boshlangan.
Xususan, bugungi kunda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 20 o‘rinli gemotologiya bo‘limi ochilgan bo‘lib, bu yerda viloyatning barcha go‘shalaridan dardiga shifo izlab kelgan 18 yoshgacha bo‘lgan gemotologik va onkogemotologik xastaliklarga chalinganlar davolanayapti. Viloyatdagi 18 yoshgacha bo‘lgan onkogemotologik xastaliklarga uchragan bolalarni respublika bolalar gemotologiyasi, onkologiyasi, klinik immunologiyasi markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda davolash choralari ko‘rilmoqda. Tibbiyot sohasi xodimlari bilan uchrashuv va suhbatlar jarayonida ularning muammolarini hal etish omillari izlanmoqda. Jumladan, onkogemotologik xastaliklarni aniqlash va tashxislash imkoni viloyatdagi shifoxonalarda mavjud bo‘lib, faqat poliximiyaterapiya muolajalarini olish uchun bemorlar markazdagi shifoxonalarga jo‘natilmoqda. Bu masalada shifokorlar bilan maslahatlashuvlar olib borilayapti va uzog‘i bilan kelgusi yil mart oyigacha poliximiyaterapiya muolajalari Termiz shahridagi tibbiyot muassasalarida tashkil qilinadi. Shuni aytish kerakki, bemorlarga ishlatiladigan ximiyaviy preparatlar taʼminotida muammo yo‘q.
Bundan tashqari, viloyatda onkogemotologik xastaliklarga chalingan 100 nafar bemorni dori-darmon bilan taʼminlash va laborator asbob-uskunalar bilan xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida viloyat qon quyish stansiyasida trombokonsentrat tayyorlash uchun o‘rnatilgan trima apparatidan samarali foydalanilmoqda. Natijada onkogemotologik xastalikka uchragan bemorlar poytaxt va markaziy shaharlarga sarson qilinmayapti, ular Termiz shahridagi tibbiyot muassasasida trombokonsentrat olish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu esa og‘ir ahvoldagi bemorlarni tezda sog‘aytirish va davo muolajalarini barvaqt boshlashga zamin yaratmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz salomatligiga nafaqat shifokorlar va soha xodimlari, balki har birimiz masʼul ekanimizni dildan his etib, tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar ijrosini viloyatimizda to‘laqonli amalga oshirishga bor imkoniyatlarni ishga solamiz.
To‘ra Bobolov,
Surxondaryo viloyat hokimi