“Zo‘rg‘a kun kechirganida ham taqdiridan rozi bo‘lgan”

Date:

Zamon o‘zgaryapti, u bilan hamnafas yashayman deya vaqt ketidan tizginsiz chopayotgan ba’zi yoshlar mehnat qilib pul topishni, mashaqqatsiz oshning totli bo‘lmasligini bilishmaydi. Tez va oson boyishni o‘ylab, “olma pish, og‘zimga tush” deb o‘tirishni kasb qilishgan. Yetmaganiga qabullarda sarg‘ayib, nolisa, ko‘z yosh qilsa, bir narsalik bo‘lib qolish ilinji ila yashayotganlarning borligi afsuslar bo‘lsinki, fojia. Bu boqimandalikning bir ko‘rinishi. Ana shundaylar haqida eshitgan qiziriqlik 102 yoshli Qizlarsora momo Mengliyevaning tomirlaridagi qon ko‘pirganday bo‘ladi. Nasihat qilgisi, insofga chaqirgisi keladi. To‘g‘ri-da, ular momo ko‘rgan ko‘rgiliklarning birini ko‘rishganidami, balki ba’zilar bu taqlid fikrlamagan bo‘larmidi… shunday paytlarda momoning bir asrlik hayot yo‘llari bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tganday bo‘ladi:

Katta oilada dunyoga kelgani, qiyinchiliklar, bir burda non topish uchun dalada, quyosh tig‘ida qilingan mehnat-u mashaqqatlar xayollardiagi tasmalardan o‘taveradi. Ayni o‘ynab kuladigan, ta’lim-tarbiya oladigan yoshda u mehnat qilganidan hech ham nolimagan ekan. Bo‘yi yetganida ham ota-onasi yaqin qarindoshi Yangiboyga unashtirib, uzatganida lom-mim demay turmush qurganida zo‘rg‘a kun kechirganida ham taqdiridan rozi bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushi dahshatlari, qiyinchilik va qahatchilik davrlarida ham daladan chiqmay, ayni dalada ko‘zi yoriganida ham mehnatdan kuch olgan, doimo mehnat bilan oyoqda tik turgan. Er-xotin qo‘sh ho‘kiz bo‘lib, ro‘zg‘or tebratganini yaxshi eslaydi. Boriga shukur, qanoat qilganidan mamnun.
Uch qiz, besh o‘g‘ilni ham o‘zlari singari mehnatkash qilib tarbiyalashdi. Uyli-joyli qilishdi. 70 dan oshib, 80 yoshga qarab ketayotgan katta qizi Bozorgul momo ham, 50 yoshni qoralagan kenjatoyi Yori aka ham hali bardam, baquvvat, u-bu yumushlar bilan o‘zlarini andarmon qilishadi. Ular nevara-yu chevaralar qurshovida.
Qizlarsora momoning hayot yo‘li bugungi yoshlar uchun eng yaxshi namuna va o‘rnak. Bu hayot yo‘li aslida inson mehnat bilan yuzi issiq bo‘lishini, qadr topishini anglatgandek bo‘ladi. Shukronalik hissini o‘rgatadi. Balki uzoq umr ko‘rishning siri ham halol mehnatdadir. Ana shunday haqiqatni kashf etish uchun yoshi ulug‘larni ulug‘lash, ehtirom ko‘rsatish, nasihat va tavsiyalarini quloqlarga tumor qilib ilish lozim nazarimizda.

S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun