Xabaringiz bor, kuni kecha Termiz xalqaro aeroportida Fransiya va Buyuk Britaniyalik bir guruh mehmonlar san’atlari bilan “Boysun bahori”da ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar tantanali kutib olingan edi.
Yo‘l damini olib, o‘zlari uchun Surxondaryoni kashf etish ilinjida mehmonlar Termiz shahri hamda Termiz tumani bo‘ylab sayohat qildi.
Mehmonlar dastlab, Termiz shahridagi “Azizbek” to‘yxonasida o‘tkazilgan kelin-kuyov to‘yida qatnashdi. Muhtasham San’at saroyida milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasida ham bo‘lgan mehmonlar vohamizda ishlab chiqarilayotgan sarxil mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi. Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadigan Termiz arxeologiya muzeyiga ham tashrif buyurgan mehmonlar qadimiy va boy tariximiz, arxeologik yodgorliklar bilan yaqindan tanishdi. O‘zlari uchun olam-olam taassurotlar olishdi. Hayrat va quvonch, qadimiy urf-odat va an’analardan bahramandlik hissi mehmonlarning yuz ko‘zlarida aks etdi.
“Surxon ipagi” korxonasi muzeyi va bu yerda to‘qilayotgan milliy atlas, adras kabi matolar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu onda milliy to‘nlarimiz va do‘ppilarimizdan kiyib olishgan holda suratlarga tushayotgan fransiya va britaniyalik mehmonlar Surxonning iliq va qaynoq taftini, samimiy va mehmondo‘stligimizni dildan his etgan bo‘lsa ajab emas.
Buyuk ajdodimiz Hakim Termiziy majmuasi va Fayoztepa arxeologik yodgorliklari ularni yanada hayratga soldi va shuningdek, yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan zaminni o‘zlari uchun kashf etishdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Qadimiy qadamjolarimiz haqida olam-olam taassurot va ma’lumotlarni o‘zlari bilan olisdagi makonlariga eltadigan bo‘lishdi.
Xorijlik mehmonlarning viloyat bo‘ylab sayohatlari davom etmoqda.
E.Elmurodova