Xotin-qizlar bandligini ta’minlashda ularning mavjud imkoniyatlari va qiziqishlariga mos daromad manbalarini yaratish muhim. Sho‘rchi tumanida “Ayollar daftari” hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan xotin-qizlarga chorvachilik bilan shug‘ullanishlari uchun qo‘ylar ajratilmoqda. Ushbu ko‘mak orqali ayollarning o‘z xonadonida chorvachilikni yo‘lga qo‘yishi, oilaviy daromadini oshirishi va bandligini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.
— Prezidentimiz tomonidan biz, xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshimiz osmonga yetdi, — deydi Bobotog‘ mahallasida yashovchi Gulchehra Mamathakimova. — Berilgan qo‘ylar oilamiz uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi, ro‘zg‘orimizga fayz-baraka olib kirishiga ishonaman. Eng muhimi, bizga mehnat qilib, oilamiz farovonligini oshirish uchun imkoniyat yaratib berilmoqda. Bunday g‘amxo‘rlik uchun chin dildan minnatdormiz.
Bunday amaliy yordam xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, o‘z mehnati bilan daromad topishi va oilaviy farovonlikka hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.

