Insonning imkoniyatlarini namoyon etishi uchun unga sharoit va qo‘llab-quvvatlash zarur. Bunday tashabbuslar esa nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, mehnati orqali daromad topishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega. Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Biz birgamiz” shiori ostida tashkil etilgan yarmarkada viloyatning turli hududlaridan kelgan 15 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqaro o‘zlari tayyorlagan hunarmandchilik mahsulotlari va ijodiy ishlarini namoyish etdi.
Yarmarkaning asosiy maqsadi ishtirokchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishi va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashishdan iborat. Tadbir ishtirokchilarga o‘z mahsulotlarini keng ommaga tanitish, tajriba almashish va xaridorlar bilan muloqot qilish imkonini berdi. Tashrif buyuruvchilar esa qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlarni hamyonbop narxlarda xarid qilishlari mumkin bo‘ldi.
Bunday tashabbuslar nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularning mehnati va ijodiga munosib e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

