Hududlarni obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilash borasidagi ishlar Angor tumanida yangi bosqichda davom etmoqda.
Xususan, tumanning Ilg‘or mahallasida 179 gektar maydonda «Yashil belbog‘» barpo etish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida jami 334 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish belgilangan.
Mazkur ishlar Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda hududda kuzgi ko‘chat ekish mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Ekish ishlari 3×2 metr sxema asosida tashkil etilgan. Ko‘chatlarning yaxshi tutib ketishi va rivojlanishi uchun yer maydonlarini tayyorlash, tuproq holatini yaxshilash hamda zarur agrotexnik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, hududning 8 gektar maydonida Belarus tajribasi asosida zamonaviy ko‘chatxona tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
«Yashil belbog‘» loyihasi amalga oshirilishi natijasida hududda daraxt va butalar soni ko‘payib, yashil maydonlar kengayadi. Bu esa tumanda ekologik barqarorlikni mustahkamlash va kelajak avlod uchun sog‘lom atrof-muhit yaratishga xizmat qiladi.

