Yurtimizda yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash borasidagi ishlar «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida izchil davom etmoqda.
Xususan, Termiz tumani «Nurli diyor» mahallasida ko‘chat ekish tadbiri qizg‘in olib borilmoqda. Unda tuman korxona, tashkilot va muassasalari vakillari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimlari, mahalla yoshlar yetakchilari hamda volontyorlar faol ishtirok etmoqda.
Ayni paytda 6,5 gektar maydonga 3 500 tup hosildor o‘rik ko‘chati ekilmoqda. Shuningdek, hudud atrofi manzarali daraxtlar bilan obodonlashtirilib, yashil maskanga aylantirilmoqda.
E’tiborlisi, ushbu tashabbus turli avlod vakillarini ezgu maqsad — tabiatni asrash, yashil hududlarni kengaytirish va kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratish yo‘lida birlashtirmoqda.

