Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk alloma Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 30 nafar xorijiy va 27 nafar mahalliy olim, islomshunos, sharqshunos hamda tasavvufshunos mutaxassislar ishtirok etdi.
Prezidentimizning tegishli qarori asosida tashkil etilgan anjumanga Misr, Malayziya, Italiya, Qirg‘iziston, Suriya, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan olimlar tashrif buyurdi. Muhokamalarda Hakim Termiziyning islom tafakkuri, hadis va tasavvuf ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, asarlarining bugungi kundagi ilmiy-ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Yalpi majlisda misrlik doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy, malayziyalik doktor Ahmad Arif Zulkefli, professor Nodir Karimov, doktor Helal Sodiq va boshqa olimlarning ma’ruzalari tinglandi. Unda alloma merosini o‘rganish metodologiyasi, aqidaviy qarashlari, tasavvuf va hadis ilmiga oid tadqiqotlar muhokama qilindi.
Konferensiya ikki sho‘bada davom etdi. Birinchi sho‘bada Hakim Termiziy va Termiziylar maktabining islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, ikkinchisida esa alloma ma’naviy merosining zamonaviy global tahdidlarga qarshi kurashdagi ahamiyati tahlil qilindi. Xususan, qalb tarbiyasi, axloqiy yetuklik, insonparvarlik va ma’rifat masalalariga e’tibor qaratildi.

Anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy majmuasiga ham tashrif buyurib, alloma xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Yakuniy muhokamalarda alloma asarlarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Mazkur konferensiya Hakim Termiziy merosining xalqaro ilmiy maydondagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, allomaning inson qalbi, axloqiy kamolot va ma’rifatga oid qarashlarini bugungi kun nuqtayi nazaridan o‘rganish uchun yangi ilmiy muloqot va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirdi.

