O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va yakuniy imtihonlar tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, 11-sinfda maktabni bitirish hamda oliy ta’lim muassasasi yoki texnikumga kirish uchun yagona davlat imtihoni o‘tkazilishi mumkin.
Yangi tizimda 4-sinfda diagnostik testlar, 7-sinfda kasbiy qiziqish va mantiqiy fikrlashni aniqlash sinovlari, 9-sinfda esa asosiy davlat imtihoni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 9-sinf imtihoni natijalari shahodatnomaga kiritiladi va akademik litsey yoki texnikumga kirishda hisobga olinadi. O‘quvchilarning 10-sinfda o‘qishni davom ettirish huquqi saqlanadi.
Yangi tartib 2027–2028-o‘quv yili yakunida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida sinovdan o‘tkazilishi, 2028–2029-o‘quv yilidan esa mamlakat bo‘ylab joriy etilishi rejalashtirilgan.
Hozircha bu taklif bosqichida. Ta’lim va ilm-fan vazirligi loyiha yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganmoqda.

