Surxondaryo viloyati paxtakorlari 2026-yil hosili bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarni bajarib, 62 ming 850 gektar maydondan 328 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yig‘ib oldi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 52,2 sentnerdan oshdi.
Joriy yilda viloyatdagi 1 854 ta paxta yetishtiruvchi jami 62 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Shundan 31 335 gektarida xorijiy, 3 140 gektarida ingichka tolali, 28 375 gektarida esa o‘rta tolali navlar yetishtirildi.
Yuqori hosildorlikka erishishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ilg‘or tajribalardan foydalanish muhim o‘rin tutdi. Paxtachilikni mexanizatsiyalashtirish ishlari ham izchil davom ettirildi. Xususan, so‘nggi ikki yilda viloyatda 153 ta yangi paxta terish mashinasi xarid qilinib, terim jarayoniga jalb etildi.
Surxondaryo paxtakorlari bir necha yildan buyon respublika hududlari orasida shartnomaviy majburiyatlarni birinchilardan bo‘lib bajarib kelmoqda. Joriy yilgi natijalar ham viloyatda paxtachilik samaradorligini oshirish borasidagi ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

