Bugun mehnat qilayotgan inson uchun pensiya hali uzoq kelajak masalasidek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa uning miqdori bugundan shakllana boshlaydi: qancha yil ishlangani, ish haqi qay darajada rasmiy ko‘rsatilgani, ijtimoiy soliq to‘langani va keksalik uchun qanday jamg‘arma yaratilgani ertangi daromadga ta’sir qiladi.
O‘zbekistonda pensiya tizimini shu tamoyil asosida takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surilmoqda. Ular pensiya xizmatlarini raqamlashtirish, ish haqi hisobini kengroq davr asosida yuritish, ixtiyoriy jamg‘armalarni rag‘batlantirish, o‘zini o‘zi band qilganlarning ijtimoiy himoyasini kengaytirish hamda pensiya yoshini bosqichma-bosqich o‘zgartirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ularning umumiy mazmuni bitta: fuqaroning kelajakdagi pensiyasi uning bugungi mehnati bilan yanada chambarchas bog‘lanishi ko‘zda tutilmoqda.
Idorama-idora yurish shart emasTakliflardan biri pensiya xizmatlarini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan. 2027-yildan Pensiya jamg‘armasining 25 ta xizmatini elektron va proaktiv shaklga o‘tkazish, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan Call-markaz va “Pensiya” mobil ilovasini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bunda fuqaro pensiya yoshiga yetganda emas, ancha oldin o‘z ish staji, to‘langan ijtimoiy solig‘i va pensiya hisob-kitobi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, stajida kamchilik aniqlansa, tizim bu haqda oldindan xabar berishi ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir taklif pensiya hisobida olinadigan ish haqi davrini kengaytirishga taalluqli. Amaldagi besh yillik davrni 2027-yildan boshlab har yili bir yilga oshirib, 20 yilga yetkazish taklif qilinmoqda. Bunda eng past daromadli davrning 10 foizini hisob-kitobdan chiqarish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, pensiya hisoblashda olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish taklif etilmoqda. 2028-yildan ushbu chegara pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravarigacha, pensiyani olti oy kechiktirganlarda 14 baravarigacha, bir yil kechiktirganlarda esa 15 baravarigacha oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Pensiya tizimidagi yana bir yo‘nalish — fuqaroning kelajakdagi daromadi uchun o‘zi ham jamg‘arishi.
Taklifga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam bo‘lgan fuqaro ish haqining 5 foizini ixtiyoriy ravishda jamg‘arsa, davlat uning badaliga daromadiga qarab 50 foizgacha qo‘shimcha mablag‘ qo‘shishi mumkin.
Misol sifatida 2,8 million so‘m ish haqi oladigan fuqaro oyiga 140 ming so‘m jamg‘arsa, unga davlat tomonidan 42 ming so‘m qo‘shilishi keltirilgan. Uzoq muddatda bunday mexanizm qo‘shimcha pensiya manbaini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Yuqori daromad oladigan fuqarolar uchun ham pensiya hisoblash chegarasidan yuqori daromadning ma’lum qismini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirish taklif qilinmoqda.
Taksichi, sartarosh, usta, tikuvchi, kurer yoki frilanser kabi kasblarda ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kengaytirish ham takliflar qatorida.
Ya’ni an’anaviy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqaro ham kelajakdagi pensiyasi va ijtimoiy sug‘urta huquqini shakllantirish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bu nafaqat pensiya, balki kasallik, homiladorlik va tug‘ish kabi holatlarda tegishli ijtimoiy to‘lovlardan foydalanish imkoniyatini ham kengaytirishi mumkin.
Rasmiy daromadga ega fuqaroning ishlamaydigan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Bu, ayniqsa, uyda haq to‘lanmaydigan mehnat bilan band bo‘lgan ota-ona yoki voyaga yetgan farzandning kelajakdagi pensiya huquqini shakllantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin.
Takliflardan yana biri pensiya tayinlash uchun zarur minimal ish stajini 7 yildan 15 yilgacha bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutadi. Bu talab 2027-yildan har yili bir yildan oshirib borilib, 2034-yilda 15 yilga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Minimal stajni to‘play olmagan fuqarolar uchun esa umumiy pensiya yoshidan besh yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqini saqlab qolish taklif etilmoqda.
Pensiya yoshini ham bosqichma-bosqich o‘zgartirish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshi har yili uch oyga oshirilib, 2039-yilda erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2027-yildan ayollarning umumiy belgilangan yoshdan bir yil oldin pensiyaga chiqish tartibini bekor qilish taklif etilmoqda.
Bunda pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarni himoya qilish, jumladan, pensiya yoshini vaj qilib ishdan bo‘shatmaslik hamda ayrim toifalarning imtiyozli pensiya huquqlarini saqlab qolish kabi choralar nazarda tutilmoqda.
Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning umumiy mazmuni shundan iboratki, pensiya tizimida fuqaroning qancha va qanday ishlagani, daromadini qanchalik rasmiy ko‘rsatgani va qancha mablag‘ jamg‘argani yanada katta ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Bir tomonda — raqamlashtirilgan va proaktiv xizmatlar. Ikkinchi tomonda — uzoq yillik mehnatni pensiya hisobida to‘laroq aks ettirish. Yana bir tomonda — shaxsiy jamg‘armani davlat tomonidan rag‘batlantirish. O‘zini o‘zi band qilganlar va uy mehnati bilan shug‘ullanuvchilarning huquqlarini kengaytirish esa tizim qamrovini oshirishga qaratilgan.Muhimi, bu o‘zgarishlarning barchasi hozircha taklif va loyiha darajasida. Ular yakuniy qoida sifatida emas, pensiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Ammo asosiy haqiqat o‘zgarmaydi: pensiya keksalik boshlanganda emas, mehnat faoliyati boshlangan kundan shakllana boshlaydi. Bugungi rasmiy mehnat, to‘langan ijtimoiy soliq va imkon qadar yaratilgan jamg‘arma — ertangi daromadning poydevoridir.
Abdunazar Donayev,
Viloyat pensiya jamg‘armasi boshqarmasi bosh mutaxassisi

