Telegram orqali boshlangan suhbatda o‘zini— Azamat Qahhorov deb tanishtirgan fuqaro o‘qituvchilik malaka toifasini beruvchi sertifikat olib berishni va’da qiladi.
Va’daga ishongan fuqaro esa pulni ikki marta — jami 4,8 million so‘m qilib yuboradi. Ammo sertifikat kelmaydi. Va’da bergan odam esa aloqani uzadi.
Sudda esa “sertifikat olib beraman” degan gapning asl mazmuni ochiladi. Ma’lum bo‘lishicha, Azamatning bunday ishni hal qilish vakolati ham, imkoniyati ham bo‘lmagan. Boshqa odamning pasport ma’lumotlaridan foydalanib, o‘zini uning o‘rniga qo‘ygan, olingan pulni esa shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Pul-ku to‘liq qaytarildi. Biroq qilmish javobsiz qolmadi. Sud uni boshqa shaxsning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanganlik hamda firibgarlikda aybdor deb topib, 2 yil 1 oy axloq tuzatish jazosiga hukm qildi. Ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadigan bo‘ldi.
Bu voqea yana bir haqiqatni ko‘rsatadi: bilim va mehnat bilan olinadigan sertifikatni begona va’da bilan “hal qilib berish”ning oxiri yaxshi tugamaydi. O‘z bilimiga ishongan mutaxassis uchun sertifikat —o‘z mehnatining natijasi.
Sertifikatga eltadigan yo‘lni shubhali va’dalardan emas, bilim, tayyorgarlik va qonuniy tartibdan izlash kerak.
X.Toshtemirov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz tuman sudining raisi

