OIV infeksiyasining oldini olish va erta aniqlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, uzoq muddat, ya’ni uch oy va undan ortiq vaqt davomida chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar uchun OIV infeksiyasini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday fuqarolar ro‘yxati chegara nazorati tomonidan hududiy oilaviy poliklinikalarga taqdim etiladi. Biriktirilgan mutaxassislar esa fuqarolarga tibbiy ko‘rikdan va OIV testidan o‘tish zarurligi haqida tushuntirish beradi.
Fuqarolar hududiy oilaviy poliklinikalar hamda viloyat OITSga qarshi kurashish markazlarida OIV infeksiyasi bo‘yicha bepul test topshirishlari mumkin. Test jarayoni doimo bepul va fuqaroning xohishiga ko‘ra anonim tarzda o‘tkaziladi. Faqat ayrim davlatlar tomonidan chet elga chiqayotgan fuqarolardan OIV tahlili bo‘yicha sertifikat talab qilingan hollardagina ushbu xizmat pullik asosda amalga oshirilishi mumkin.
OIV infeksiyasi haqida yetarli ma’lumotga ega inson o‘z salomatligi va yaqinlari hayotiga mas’uliyat bilan yondashadi hamda o‘z xohishi bilan test topshiradi. OIV bo‘yicha majburiy tekshiruvlarni joriy etish esa xalqaro huquq normalari va amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmaydi.
Bugungi kunda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, tegishli davlat dasturlari asosida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, tarqatma materiallar, jamoat transportlari, aeroportlar va boshqa jamoat joylarida axborot-targ‘ibot vositalaridan foydalanish shular jumlasidandir.
OIV infeksiyasi aniqlangan fuqarolar va ularning yaqinlariga mutaxassislar tomonidan psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Eng muhimi, OIV tashxisi hayot yakunlanganini anglatmaydi. Kasallik erta aniqlanib, davolash o‘z vaqtida boshlangan taqdirda inson uzoq va sifatli hayot kechirishi mumkin.Shuningdek, OIV infeksiyasi havo-tomchi yo‘li orqali yuqmasligini bilish muhim. U asosan qon orqali, himoyalanmagan jinsiy aloqa yo‘li bilan hamda OIV bilan yashayotgan onadan bolaga tug‘ruq jarayoni yoki ona suti orqali yuqishi mumkin.
OIV bilan yashayotgan insonlar bilan birga ta’lim olish, mehnat qilish, umumiy ovqatlanish joylarida birga bo‘lish orqali infeksiya yuqmaydi. Ular ham jamiyatning teng huquqli a’zolari hisoblanadi. Shu bois OIV maqomi sababli kamsitish va cheklashlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas.
OIV haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lish, o‘z vaqtida test topshirish va sog‘lom munosabatni shakllantirish — infeksiyaning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biridir.
F.Xayitova,
Viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokori
M. Sayfidtinova,
Viloyat OITSga qarshi kurash markazi laboranti

