Aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini joyida o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, bandlikni ta’minlash va fuqarolarning daromad manbaini kengaytirish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Shu maqsadda Bandixon tumanida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining sayyor qabuli tashkil etildi. Qabul davomida fuqarolarning bandlik, kasb-hunar o‘rganish, subsidiya hamda imtiyozli kreditlar bo‘yicha murojaatlari tinglandi.
Sayyor qabulni vazir maslahatchisi U. Yo‘ldasheva olib borib, murojaatchilar bilan bevosita muloqot qildi. Ish izlayotgan yoshlar, ayollar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi fuqarolar hamda yordamga muhtoj yurtdoshlarning har bir murojaati individual tartibda ko‘rib chiqildi, huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, aholini kasb-hunarga o‘qitish, bandlikka yo‘naltirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan tegishli mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan ushbu sayyor qabul aholi bilan muloqotni mustahkamlash, muammolarni joyida hal etish hamda inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

