Bugungi kunda ishsizlik muammosi jamiyat taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim ijtimoiy masalalardan biri bo‘lib, uni bartaraf etish davlat darajasidagi ustuvor vazifaga aylangan. Aholi sonining o‘sishi, mehnat bozorida raqobatning kuchayishi va zamonaviy kasblarga bo‘lgan talabning ortib borishi bandlikni ta’minlashda yangi va samarali yondashuvlarni talab etmoqda. Davlat tomonidan ishsizlikni kamaytirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, kasb-hunar o‘rgatish va qayta tayyorlash dasturlari shular jumlasidandir. Ayniqsa, ta’lim tizimini mehnat bozori talablariga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, qisqa muddatli kasbiy kurslar va dual ta’lim tizimi yoshlarning tezroq ish topishiga xizmat qilayotir.
Shu bilan birga, ishsizlikni kamaytirishda xorijda qonuniy mehnat faoliyatini tashkil etish ham samarali yo‘nalishlardan biri hisob-lanadi. Mehnat migratsiyasi orqali fuqarolar nafaqat daromad manbayiga ega bo‘ladi, balki xorijiy tajriba, yangi bilim va kasbiy malakalarni ham egallaydi.
Davlat va xususiy bandlik agentliklari hamkorligida tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari bu borada muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, Job Bridge xususiy bandlik agentligi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, viloyat Migratsiya agentligi hamda Yoshlar ishlari boshqarmasi hamkorligida Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ushbu yarmarka doirasida Bolgariya, Xorvatiya, Germaniya, Yaponiya, Litva, Slovakiya va boshqa davlatlardagi 1000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Tadbir davomida fuqarolarga xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi, mehnat shartlari, huquq va majburiyatlar to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berildi. Mehnat yarmarkasi natijalari esa ushbu tashabbuslarning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etdi. 600 nafardan ortiq fuqaro va yoshlar ishtirok etgan tadbirda
160 nafardan ortig‘i tavsiya etilgan ish o‘rinlariga tanlab olindi.
— Eng muhim jihatlardan biri — xorijda mehnat faoliyatini qonuniy amalga oshirish masalasidir, — deydi Job Bridge xususiy bandlik agentligi rahbari Qobil Normurodov. — Shu bois, mehnat yarmarkasi davomida fuqarolarga mehnat migrantlarining huquqlari va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Natijalar esa bizni quvontirdi. Dastlabki saralash natijalariga ko‘ra esa ikki yuzga yaqin fuqaro tavsiya etilgan xorijiy ish o‘rinlariga
tanlab olindi. Bu raqamlar bunday tadbirlarga talab yuqori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bu kabi tadbirlar ichki mehnat bozoridagi bosimni kamaytirish, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, xorijda ishlab qaytgan fuqarolar o‘z tajribasi va malakasini mamlakat rivoji yo‘lida qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ishsizlikka barham berish davlat siyosati, zamonaviy ta’lim tizimi va qonuniy mehnat migratsiyasining uyg‘unligi orqali samarali hal etiladi. Bu jarayonda har bir fuqaroning o‘z ustida ishlashi, kasbiy bilim va malakasini oshirishi ham muhim ahamiyatga ega. Ana shunday hamkorlik va izchil islohotlar natijasida barqaror iqtisodiyot va farovon jamiyatni barpo etish mumkin bo‘ladi.
Mehnat bozorida bosim bo‘lmaydi
Date:

